
Yana birinchi o‘rinda – bugun Toshkent dunyodagi havosi eng iflos shahar bo‘ldi
22.09.2025 | 19:3346263
Sinoptiklarga ko‘ra, antitsiklonal jarayon sababli poytaxtda mayda zarrachalar havoda yana kamida uch kun saqlanishi mumkin. Bu esa aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Jizzax viloyatida havo tarkibidagi mayda RM–2.5 dispers zarrachalari qiymati milliy ruxsat etilgan standartdan 7–8 barobar yuqori aniqlandi. Shamolning janub–g‘arbiy yo‘nalishda esishi mazkur chang massalarini Toshkentga ham olib kelmoqda.
Ayni vaqtda poytaxt havosida RM–2.5 zarrachalari ko‘rsatkichi keskin ortib bormoqda. Toshkent xalqaro aeroportida g‘ubor sababli ko‘rinish masofasi 5 km gacha pasaygan. Shamol tezligi soniyasiga 4 metrga yetgani uchun Qozog‘iston janubi va Toshkent viloyatidan kelayotgan mayda chang shahar havosini qoplamoqda.
IQAir platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent dunyodagi havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatida birinchi o‘ringa chiqdi. Poytaxtda PM10 zarrachalari 395,7 mkg/m³, PM2,5 zarrachalari esa 49 mkg/m³ darajada qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich JSSTning 5 mkg/m³ me’yoridan o‘nlab marta yuqori.
Rasmiy platformalarda esa ma’lumotlar turlicha. Masalan, «Toshkent havosi» dasturida Yangiobod tumanida 38,5 mkg/m³ ko‘rsatkich qayd etilgan bo‘lsa, O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxt g‘arbidagi zarracha og‘irligi eng yuqori qayd etilgan. «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘rnatilgan dachik esa 68 mkg/m³ ko‘rsatmoqda.
Sinoptiklarga ko‘ra, antitsiklonal jarayon sababli poytaxtda mayda zarrachalar havoda yana kamida uch kun saqlanishi mumkin. Bu esa aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi.





