add

Yandex Uzbekistanʼdan 500 million dollarlik barqaror rivojlanish hisoboti: kimlar yutqazdi, kimlar yutdi?

22.10.2025 | 09:002332

Yandex Uzbekistan hisoboti oddiy korporativ hisobot emas, balki O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining real o‘zgarishlarini ko‘rsatib berdi.

Yandex Uzbekistanʼdan 500 million dollarlik barqaror rivojlanish hisoboti: kimlar yutqazdi, kimlar yutdi?

2018 yildan buyon faoliyat yuritayotgan kompaniya bugun 10 dan ortiq xizmat orqali mamlakatda 500 million dollardan ortiq iqtisodiy ta’sir yarata oldi. Bu miqdor O‘zbekiston davlat byudjetining qariyb 0,5 foiziga teng va bitta xususiy kompaniya uchun bu katta ko‘rsatkich hisoblanadi.

Hisobotda qayd etilishicha, Yandex Go platformasi 27 ming haydovchi va 2 ming kuryerga doimiy daromad manbai yaratgan. Ularning yillik daromadi 500 million dollarga yaqinlashgan, haydovchilarning o‘rtacha oylik daromadi esa 8-10 million so‘m, bu mamlakatdagi o‘rtacha ish haqidan ikki baravar yuqori degani. Yandex Go endi shunchaki taksi emas, balki yuzlab oilalarning iqtisodiy tayanchiga aylanib ulgurdi.

Kichik biznes uchun ham yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Yandex Market va Lavka xizmatlari orqali 10 mingdan ortiq sotuvchi onlayn savdo qilish imkoniga ega bo‘ldi. 2024 yilda ularning umumiy savdo hajmi 300 million dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 50 foizga oshdi. Buni raqamli savdo inqilobi desa bo‘ladi. Kichik do‘konlar ham endi Toshkentdan Nukusgacha mijoz topa oladi, reklama va logistika xarajatlari esa keskin kamaymoqda.

Biroq bu raqamlarning ortida muhim xavf ham bor. Gig-iqtisod barqarorlik bilan birga noaniqlikni ham olib keladi: haydovchilar va kurqyerlar uchun kafolatlar yo‘q, ish vaqti chegaralanmagan. Yana bir o‘ylantiradigan savol: Yandexʼning kengayishi mahalliy startaplarga raqobatda joy qoldiradimi? Bu holat davlat regulyatsiyasi va mehnat qonunchiligi uchun alohida yondashuvni talab qiladi.

Shu bilan birga, kompaniya ijtimoiy mas’uliyatni ham e’tiborsiz qoldirmadi. Kompaniya tomonidan 2025 yilda 2 mingdan ortiq daraxt ekish tashabbusi amalga oshirildi, ekologik loyihalar kengaytirildi. Bugun 800 mingdan ortiq o‘zbekistonlik Yandex orqali bevosita yoki bilvosita daromad topmoqda. Bu esa mamlakat mehnat bozoridagi sezilarli o‘zgarishdir.

Xulosa qilib aytganda, Yandex O‘zbekistonda nafaqat texnologik, balki iqtisodiy transformatsiyaning ham dvigateliga aylandi. Ammo bu o‘sish jarayonida bir savol ochiq qolmoqda: raqamli qulaylik inson mehnatining qadrini pasaytirmaydimi?

G.Bozorova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

Yandex Uzbekistanʼdan 500 million dollarlik barqaror rivojlanish hisoboti: kimlar yutqazdi, kimlar yutdi? | Vaqt.uz