add

«Yandex»ga boykot: taksi haydovchilari nimadan norozi?

11.12.2025 | 17:1836856 daqiqa

«Yandex» taksichilari orasida 15-dekabr kuni ish tashlashga chaqiriqlar ortmoqda. Norozilik aksiyasiga qanday omillar turtki bo‘lgani, tariflar va komissiya siyosatida nimalar haydovchilarni qiynatayotgani haqida turli xavotirlar paydo bo‘lmoqda.

«Yandex»ga boykot: taksi haydovchilari nimadan norozi?

Ijtimoiy tarmoqlarda 15-dekabr kuni haydovchilar tomonidan ommaviy ravishda Yandex taksi xizmatiga boykot e’lon qilish haqidagi chaqiriqlar keng tarqaldi. Harakat dastlab Rossiyadagi taksi haydovchilari orasida boshlanib, keyinchalik O‘zbekiston haydovchilari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.

 

Nega haydovchilar norozi?

Rossiyadagi Yandex taksi haydovchilaridan biri 15-dekabr kuni ishga chiqmasdan, uyda qolib, kompaniyaga boykot e’lon qilishini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, asosiy norozilik tarif siyosatining adolatsizligi — bosib o‘tilgan masofaga nisbatan to‘lanadigan haqning real xarajatlarga mos kelmasligi.

Rossiyalik haydovchilaridan biri videomurojaatida shunday deydi:

«inflatsiya oshib, barcha narsa qimmatlashgan — mashina, benzin, xizmat ko‘rsatish xarajatlari og‘irlashgan. Biz ham shunday sharoitda arzimagan pul bilan kun ko‘ryapmiz, chunki bizga to‘lanadigan haq ham mana shuncha. Sababi — Yandex’ning haddan oshgan siyosati».

15-dekabr kuni Rossiyaning ko‘pgina hududlarida haydovchilar ommaviy ish tashlashni rejalashtirmoqda. Men ham o‘sha kuni uyda qolib, bir necha telefon orqali Yandex taksiga uzluksiz buyurtma beraman. Akkauntlarim bloklanguncha davom etaman. Buyurtmani kim qabul qilsa, darhol bekor qilaman. Ayrim haydovchilar esa belgilab olingan joylarda turib, taksi chaqirish va kelgan haydovchilarni vaziyatdan ogoh qilishni muhokama qilmoqda. Chunki boshqacha usul bilan muammoni yetkazish qiyin bo‘lib qolgan».

So‘nggi uch hafta ichida Rossiyada Yandex taksi faoliyatiga nisbatan norozilik keskin kuchaydi. Haydovchilar avvalo kompaniyaning tarif siyosatini asosiy muammo sifatida ko‘rsatmoqda. Ularning aytishicha, avvalgi yillarda ham daromad barqaror bo‘lmagan, ammo hozirgi sharoit yanada og‘irlashgan: koyeffitsiyentlar kam qo‘llanmoqda, buyurtmalar soni ko‘p bo‘lishiga qaramay, tariflar iqtisodiy jihatdan manfaatli darajada emas.

Norozilik kuchayishining yana bir sababi — bayram mavsumi yaqinlashgani. Yangi yil arafasida xarajatlar ortishi tufayli ko‘plab haydovchilar qo‘shimcha daromad izlamoqda. Ammo ular ta’kidlashicha, oxir-oqibat daromad asosan Yandex’ning o‘ziga tushmoqda, haydovchilar esa minimal tariflar bilan cheklanib qolmoqda. Bu fikr nafaqat alohida haydovchilarda, balki butun sohada shakllangan kayfiyatdir.

Mavjud vaziyat ortidan soha tashkilotlari ham munosabat bildirishni boshladi. Rossiyada taksimotor sohasi rivojlanishiga ko‘maklashuvchi Assotsiatsiya 15-dekabr kuni Yandex xizmatiga chiqmaydigan haydovchilarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Tashkilot a’zolari bo‘lgan haydovchilar ham shu kuni ishga chiqmaslikka kelishib olgan.

Mazkur norozilikni kuchaytirgan yana bir omil — Yandex rahbarlaridan birining avvalgi intervyusi. Unda kompaniya vakili tariflarning oshmasligiga haydovchilarning o‘zi sabab ekanini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, haydovchilar past narxlarga rozi bo‘layotgan ekan, bozor mexanizmi aynan shu narxni qabul qiladi va tariflarni oshirishga asos qolmaydi. Bu bayonot haydovchilar orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. 

Ularning fikricha, agregatorning bunday pozitsiyasi haydovchilarni tizimli ravishda past daromadga majbur qilmoqda. Natijada, 15-dekabrga rejalashtirilgan ish tashlash aksiyasi nafaqat iqtisodiy norozilik, balki sohani isloh qilishga bo‘lgan talab sifatida ham ko‘rilmoqda.

O‘zbekistonda nima gap?

Rossiyadagi vaziyat fonida, O‘zbekistonda ham Yandex atrofida norozilik kayfiyati kuchayib borayotgani kuzatilmoqda. Mahalliy blogerlar ham bu borada o‘z fikrlarini bildirmoqda. Ularning biri so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda quyidagicha murojaat bilan chiqqan:

«Instagram’da ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak, 15-dekabr kuni Yandex’ga boykot e’lon qilinayotgani aytilamoqda. Bir kun ishlamay turishning o‘zi sezilarli o‘zgarish berishi mumkin. Hozir komissiya 18,8 foiz. Bundan tashqari, soliq masalasida ham noaniqliklar ko‘p: soliq idorasiga murojaat qilsangiz, «Yandex ushlab qolgan», deydi, Yandex’ga qo‘ng‘iroq qilsangiz, «soliq ushlab qolgan», deydi — mas’uliyat bir-biriga o‘tkazilmoqda. Shu sabab 15-dekabr kuni Yandex’ga boykot bo‘lishi haqida gaplar aytilamoqda.  Agar bir-ikki kun davomida boshqa xizmatlar — Uklon, MyTaxi, Millennium orqali ishlansa, real o‘zgarishlar yuz berishi mumkin. Kecha Yandex bozordan chekindi-yu, o‘rniga yangi xizmat kirib kelgani aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Wildberries taksi O‘zbekistonda ish boshlamoqda va haydovchilarga ancha qulay shartlar taklif qilishi mumkin. Raqobatning paydo bo‘lgani yaxshi, chunki Yandex’ning so‘nggi paytlardagi siyosati haydovchilarda jiddiy norozilik uyg‘otgan. Baribir bozor sharoitida xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar ham o‘zini tartibga solishi kerak».

Avtoblogerning ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda Yandex’ning komissiya siyosati, tariflar balansi va soliq bilan bog‘liq chalkashliklar haydovchilar o‘rtasida keskin munozaralarga sabab bo‘lgan. Uning fikricha, bozorda kuchli raqobat paydo bo‘lsa, kompaniyalar haydovchilar manfaatlarini ko‘proq inobat olishga majbur bo‘ladi.

Shu bilan birga, boshqa blogerlar orasida boykot natija berish-bermasligi borasida turlicha fikrlar mavjud. Ba’zilar fikricha, O‘zbekistonda Yandex’ga qarshi umumiy norozilik kuchaysa ham, hamma haydovchilar bir vaqtning o‘zida ishga chiqmay qolishi qiyin. Ularning aytishicha, kimdir baribir tirikchilik uchun ishlashda davom etadi va bu holat boykotning ta’sirini pasaytirishi mumkin.  

Blogerlardan biri shunday deb murojaat qilmoqda:

«Yandex bo‘yicha Instagram’da kechadan beri juda ko‘p video chiqyapti — hamma 15-dekabr kuni boykot qilamiz, deyapti. Lekin real hayotda hamma birdek ishga chiqmay qolmaydi. Ishlaydiganlar bo‘ladi va ular kam emas. Agar 40–50 ming haydovchi chiqmay qo‘ysa ham, ishlayotganlar ko‘proq daromad qiladi, biz ularga koeffitsiyentni ko‘tarib bergan bo‘lamiz, xolos. Men Yandex’ni hech qachon himoya qilmaganman. Ikkinchi manzil ochish masalasi, tariflar siyosati, reyting tizimi — hammasi haydovchiga qarshi ishlaydi».

Blogerning fikricha, O‘zbekistonda boykotning o‘tishi imkoniyati yuqoriroq, chunki bozorda alternativ xizmatlar yetarli:

«Bizda Uklon bor, Royal Taxi bor, boshqa xizmatlar bor. Har bir viloyatda o‘zining mahalliy taksi kompaniyalari mavjud. Bir-ikki kun davomida shu xizmatlarda ishlab turish imkoniyati bor. Rossiyada esa vaziyat boshqacha — Yandex o‘z raqobatchilarining aksariyatini sotib olgan. Boshqa kompaniya buyurtmalari ham Yandex tizimiga yo‘naltiriladi. Shuning uchun u yerda boykot qilish ancha qiyin».

Bloger 15-dekabr kuni o‘zi ham boykotda qatnashishini aytgan bo‘lsa-da, umumiy natija borasida shubhasini yashirmagan: 

«15-dekabr kuni men ham ishlamayman, boykot qilaman. Lekin baribir natija qanday bo‘lishini aytish qiyin. Balki foydasi kam bo‘ladi, balki jiddiy o‘zgarish bo‘lar — vaqt ko‘rsatadi. Xudo xohlasa, hammasi shu kunda bilinadi».

 

Tariflar oshsa, iste’molchi manfaatini kim himoya qiladi?

Haydovchilar tomonidan ko‘tarilayotgan asosiy talab — tariflarni oshirish yoki komissiya yukini kamaytirish. Ammo bu jarayonning ikkinchi tomoni ham bor: agar narxlar keskin oshirilsa, bu safar oddiy yo‘lovchilar manfaatiga qanday ta’sir qiladi? Jamoatchilik orasida aynan shu savol oldinga chiqadi.

yandex boycott 01

Hozirgi tariflar misolida ham muammo aniq ko‘rinadi. Masalan, 8 km masofa uchun carpool xizmati 60 ming so‘m, start tarifi 70 ming so‘m, comfort esa 77 ming 500 so‘mni tashkil etmoqda. Agar tizim bosim ostida tariflarni qayta ko‘rib chiqib, ularni yana oshirsa, bu avvalo yo‘lovchilar uchun jiddiy xarajatlar ko‘payishiga olib keladi. inflatsiya, yoqilg‘i narxlarining ko‘tarilishi va transportga bo‘lgan talab yuqori ekanini hisobga olganda, tariflardagi har qanday o‘zgarish aholining keng qatlamiga ta’sir qilishi aniq. 

Bu esa bozor oldiga murakkab savolni qo‘yadi: haydovchi manfaatlari va yo‘lovchi qulayligi o‘rtasida qanday muvozanat topiladi? Taraflardan birining bosimi bilan narxlar keskin o‘zgartirilsa, bu tizimning boshqa qismini izdan chiqarishi mumkin. Raqobat kuchayib borayotgan bir paytda, xizmat ko‘rsatuvchi platformalar uchun narx siyosatini qayta ko‘rib chiqish jarayoni juda ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi talab etiladi.

15-dekabr kuni rejalashtirilayotgan boykot ortida yagona sabab yo‘q — bu yillar davomida to‘planib kelgan tarif siyosati, komissiya, soliq va ochiqlik masalalari yuzasidan vujudga kelgan norozilikning yorqin ifodasidir. Rossiyada ham, O‘zbekistonda ham haydovchilarning talabi bir xil: mehnatga munosib haq, aniq qoidalar va adolatli bozor. Voqealar rivoji 15-dekabrda qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi, ammo bu muammolarni jiddiy muhokama qilish zarurati kun tartibiga mutlaqo chiqib bo‘lgan.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 18

Barchasi

Mavzuga oid