
«Yangi bank» 171 mlrd so‘m ortiq zararga kirganligi ma’lum bo‘ldi
Ma’lumotlarga ko‘ra, zararning asosiy qismi 2025 yil hisobiga to‘g‘ri keladi.

«Yangi bank»ning jami moliyaviy zarari 171 mlrd so‘mdan oshgan. Bu haqda 15-yanvar kuni Markaziy bank Banklar prudensial nazorati departamenti direktori Zufar Abdullayev jurnalistlar bilan onlayn uchrashuvda ma’lum qildi. Unga ko‘ra, yo‘qotishlarning katta qismi aynan 2025 yilda shakllangan.
Markaziy bankning dastlabki hisob-kitoblariga asosan, 2026 yil 13-yanvar holatiga «Yangi bank» aktivlari 577,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bankning kredit portfeli hajmi 190 mlrd so‘mga teng bo‘lgan. Yuqori likvidli aktivlar esa 126 mlrd so‘mni tashkil etib, shundan 31 mlrd so‘m Markaziy bankda, 14,5 mlrd so‘m boshqa banklarda joylashtirilgan, 80 mlrd so‘m esa REPO bitimlari orqali qimmatli qog‘ozlarga to‘g‘ri keladi.
Aktivlar tarkibida asosiy vositalar ulushi katta bo‘lib, ular 254,7 mlrd so‘mga baholangan. Shu jumladan, bank binosi 155 mlrd so‘m, nomoddiy aktivlar esa 103 mlrd so‘mni tashkil etadi. Bu holat bank aktivlarining katta qismi likvidligi past bo‘lgan mulkka to‘g‘ri kelganini ko‘rsatadi.
Bank majburiyatlari 394 mlrd so‘mga yetgan. Aholining omonatlari va jismoniy shaxslarning bank kartalaridagi mablag‘lar 279 mlrd so‘mni, yuridik shaxslarning talab qilib olinadigan va muddatli depozitlari esa 109,3 mlrd so‘mni tashkil etgan.
«Yangi Bank»ning o‘z kapitali 182,9 mlrd so‘mga tushib ketgan, ustav kapitali esa 355 mlrd so‘m bo‘lib, belgilangan minimal 500 mlrd so‘m talabiga javob bermagan. Taqsimlanmagan zarar 171 mlrd so‘mga yetgan bo‘lib, shundan 136 mlrd so‘m 2025 yil yakuniga, 1 milliardi esa joriy yil boshiga to‘g‘ri keladi.
2025 yilning yanvar–sentabr oylarida bank 95,3 mlrd so‘m zarar ko‘rib, O‘zbekistondagi eng ko‘p zarar ko‘rgan bank sifatida qayd etilgandi. Oxirgi chorakda esa zarar hajmi yana 40 mlrd so‘mdan oshgan. Ana shu omillar natijasida 15-yanvar kuni Markaziy bank «Yangi bank» litsenziyasini bekor qildi.





