
«Yangi Bank» omonatchilariga 208 mlrd so‘m to‘lab beradi
Kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari 31,5 mingdan ortiq mijozni qamrab olishi ma’lum qilindi.

«Yangi Bank» omonatchilariga kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini berish boshlandi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi ma’lum qildi. Jami 31 507 nafar omonatchiga 208 mlrd so‘m miqdorida to‘lov amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu bank omonatchilarining deyarli barchasini qamrab oladi.
To‘lov jarayoni
Kafolatlangan omonatlar bo‘yicha to‘lovlar Biznesni rivojlantirish banki orqali amalga oshiriladi. Bank tomonidan to‘lovlarni tashkil etish uchun barcha tayyorgarlik ishlari yakunlangan. Jismoniy shaxslar kompensatsiya mablag‘larini «BRB» mobil ilovasi orqali onlayn yoki bank xizmatlari markazlariga murojaat qilib, naqd pul shaklida olishlari mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar uchun to‘lovlar bank xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Ular mablag‘ni BRBda hisobvaraq ochish yoki mavjud boshqa bank hisobvaraqlariga o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilishi mumkin.
Omonatchilar
«Yangi Bank»ni tugatish komissiyasi taqdim etgan omonatchilar reyestriga muvofiq, umumiy kompensatsiya summasining 98,7 foizi jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, 31 327 nafar jismoniy shaxsga jami 205 mlrd so‘m hisoblangan. Yuridik shaxslarga 2,9 mlrd so‘m, 54 nafar yakka tartibdagi tadbirkorga esa 261 mln so‘m to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.
Omonatlarni kafolatlash agentligi to‘lovlarni olish jarayonida hech qanday qo‘shimcha xizmat haqi talab etilmasligini ta’kidladi. Shuningdek, fuqarolar firibgarlik holatlaridan ehtiyot bo‘lish, shaxsiy va bank ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslikka chaqirildi.
Ma’lumot o‘rnida, «Yangi bank»ning jami moliyaviy zarari 171 mlrd so‘mdan oshgani ma’lum qilingandi. Ushbu zararning asosiy qismi 2025 yil hisobiga to‘g‘ri keladi.





