add

«Yangi bank» omonatchilarining 200 mln so‘mgacha mablag‘lari to‘liq qaytarilishi aytilmoqda

Bugun 17:002 daqiqa

Omonatlarni kafolatlash agentligi omonatchilar mablag‘larini to‘liq himoya qilishini ma’lum qildi.

«Yangi bank» omonatchilarining 200 mln so‘mgacha mablag‘lari to‘liq qaytarilishi aytilmoqda

«Yangi bank» faoliyati tugatilishi munosabati bilan jismoniy shaxslar va tadbirkorlarning 200 million so‘mgacha bo‘lgan omonatlari davlat tomonidan to‘liq qaytarib beriladi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi matbuot xizmati rasman ma’lum qildi.

To‘lovlar belgilangan tartib va muddatlarda, to‘liq hajmda amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, kompensatsiya to‘lovlari uchun zarur bo‘lgan moliyaviy resurslar allaqachon shakllantirilgan. Hozirda barcha tashkiliy, texnik va moliyaviy tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Agentlikka ko‘ra, barcha jarayonlar vakolatli davlat organlarining doimiy nazorati ostida bo‘ladi va omonatchilar uchun asossiz xavotirga o‘rin yo‘q.

OKA fuqarolarni faqat rasmiy axborot manbalariga tayanishga chaqirdi. Kompensatsiya to‘lovlariga oid qo‘shimcha ma’lumotlar Markaziy bank hamda agentlikning rasmiy saytlari va ijtimoiy tarmoqlari orqali e’lon qilib boriladi.

Shu bilan birga, «Yangi bank» matbuot xizmati firibgarlar faollashgani haqida ogohlantirdi. Bank ma’lumotiga ko‘ra, ayrim shaxslar mijozlarga shaxsiy xabarlar orqali «omonatlarni qaytarib berishda yordam» taklif qilmoqda. Bank va agentlik bunday takliflar yolg‘on ekanini, pasport ma’lumotlari, shartnoma raqamlari, SMS-kodlar hamda karta rekvizitlarini hech kimga bermaslik kerakligini qat’iy uqtirdi.

Omonatlar masalasida yagona rasmiy murojaat manzili Omonatlarni kafolatlash agentligi ekani qayd etildi. Shuningdek, omonatlarni qaytarishning rasmiy tartibi uch kun ichida e’lon qilinishi, shu vaqtga qadar mijozlardan hech qanday hujjat rasmiylashtirish talab etilmasligi bildirildi.

Avvalroq Markaziy bank qarori bilan «Yangi bank» litsenziyasi ustav kapitali minimal talabga yetkazilmagani va moliyaviy qoidabuzarliklar sabab chaqirib olingan edi.

Teglar

Mavzuga oid