
«Yangi bank» omonatchilarining kompensatsiyasini qaysi bank to‘lashi ma’lum bo‘ldi
Kompensatsiya to‘lovlarini to‘lab beruvchi agent-bank Omonatlarni kafolatlash agentligi nomidan ish yuritadi hamda omonatchilarni qonunchilikda belgilangan tartibda identifikatsiya qilgan holda kafolatlangan omonatlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshiradi.

Yangi bank omonatchilariga kompensatsiya to‘lash bo‘yicha agent-bank sifatida «Biznesni Rivojlantirish banki» belgilandi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, kompensatsiya to‘lovlari omonatchilar reyestri asosida, belgilangan tartibda identifikatsiyadan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
«Kompensatsiya to‘lovlarini olish uchun Sizdan hech qanday qo‘shimcha to‘lovlar talab etilmaydi», — deyiladi xabarda.
Jismoniy shaxs bo‘lgan omonatchilar kompensatsiya mablag‘larini bir necha usulda olishi mumkin. Xususan, ular «BRB» mobil ilovasi orqali mablag‘ni onlayn tarzda boshqa bank kartasiga o‘tkazish imkoniyatiga ega. Shuningdek, omonatchilar bank xizmatlari markazlariga murojaat qilgan holda kompensatsiyani naqd pul shaklida ham olishlari mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar uchun esa to‘lovlar «Biznesni Rivojlantirish banki»ning istalgan bank xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Ular ushbu bankda hisobvaraq ochish yoki mablag‘ni boshqa bankdagi hisobvarag‘iga o‘tkazish yo‘li bilan kompensatsiyani qabul qilishi mumkin.
Bundan tashqari, omonatchilar o‘z xohishiga ko‘ra kompensatsiya mablag‘larini «Biznesni Rivojlantirish banki»ning omonat mahsulotlariga joylashtirish imkoniyatiga ham ega.
Kompensatsiya to‘lovlarini boshlash sanasi haqida qo‘shimcha ma’lumotlar rasmiy sahifalar orqali e’lon qilinadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘lovlar 2026 yil 28-yanvar sanasidan boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank Boshqaruvining 2026 yil 15-yanvardagi qarori bilan «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olingan edi. Shundan so‘ng Omonatlarni kafolatlash agentligi «Yangi bank» faoliyati tugatilishi munosabati bilan jismoniy shaxslar va tadbirkorlarning 200 million so‘mgacha bo‘lgan omonatlari davlat tomonidan to‘liq qaytarib berilishi haqida ma’lum qilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, «Yangi bank»ning jami moliyaviy zarari 171 mlrd so‘mdan oshgan. Yo‘qotishlarning katta qismi aynan 2025 yilda shakllangan.





