
«Yangi bank»ning litsenziyasi chaqirib olindi
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mavjud 32 526 nafar omonatchilarning 32 153 tasiga kafolatlangan omonat summalari to‘liq qaytarib beriladi.

Markaziy bank Boshqaruvining 2026 yil 15-yanvardagi qarori bilan «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi.
Bu qaror bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar yetarli darajada samara bermagani, ustav kapitali miqdorini qonunchilikda belgilangan eng kam talablar darajasiga yetkazilmaganligi, banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan ayrim talablar bajarilmaganligi sababli qabul qilindi.
Regulyator tomonidan tegishli tartibda bank faoliyatini tugatish belgilandi va tugatish komissiyasi tayinlanib unga tugatish ishlarini boshqarish vakolatlari o‘tkazildi.
Markaziy bank «Yangi bank»ka litsenziyani 2023 yil may oyida taqdim qilgan edi. Shu tariqa O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan banklar soni 34 tagacha qisqardi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami mavjud 32 526 nafar omonatchilarning 32 153 tasiga kafolatlangan omonat summalari to‘liq qaytarib beriladi. Aniq hisob-kitoblar Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan e’lon qilinadi.
373 nafar fuqaro bo‘yicha esa kafolatlangan omonat mablag‘laridan qolgan qismi tugatish komissiyasining qaroriga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi.
Markaziy bank bu masala doimiy e’tiborida bo‘lib, jarayon bosqichma-bosqich kuzatib borilishi va jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berilishini ma’lum qildi.
Bank nega yopilmoqda?
Markaziy bank talablariga ko‘ra, 2025 yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistondagi banklarda ustav kapitalining eng kam miqdori 500 mlrd so‘mni tashkil qilishi kerak.
Biroq, 2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, «Yangi bank»ning ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan. Regulyator tomonidan ustav kapitali bo‘yicha talablarni bajarish haqida bir necha bor ogohlantirilgan.
Shunga qaramasdan, «Yangi bank» ushbu masala bo‘yicha yetarli amaliy choralar ko‘rilmagan. Bu esa bank litsenziyasini chaqirib olish uchun asos bo‘lgan.
«Yangi bank»dagi aholi omonatlarining 200 mln so‘mgacha qismi davlat tomonidan kafolatlangan edi.
Kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lash yuzasidan Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan jamoatchilikka doimiy ravishda rasmiy va ishonchli axborot berib boriladi.
Omonat mablag‘lari bo‘yicha kompensatsiya to‘lanishi bo‘yicha batafsil ma’lumotni Omonatlarni kafolatlash agentligining +998-55-550-05-00 raqamli ishonch telefoni orqali olish mumkin.





