Yangi «Damas» sotuvi boshlandi
Chevrolet Damas Max va Move narxlari 134,4 mln so‘mdan 154,1 mln so‘mgacha qilib belgilangan.

“UzAuto Motors” AJ yangi Chevrolet Damas Max va Chevrolet Damas move modellari uchun shartnoma tuzish jarayonini boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Chevrolet Damas Max va Chevrolet Damas move avtomobillarini xarid qilish bo‘yicha shartnomani UzAuto Motors'ning barcha rasmiy dilerlik markazlarida rasmiylashtirish mumkin.
Kompaniya qo‘shimcha ma’lumotlarni UzAuto Motors'ning +99878 141 7777 raqamli call-markazi hamda havolasi orqali olish mumkinligini ma’lum qilgan.
Damas Max va Damas Move narxlari quyidagicha belgilangan:
— Damas Max VAN 1.2 LV0 134 439 000 so‘m
— Damas Max VAN 1.5 LV0 142 471 000 so‘m
— Damas Move PAS 1.2 LV0 139 675 000 so‘m
— Damas Move PAS 1.2 LV1 144 563 000 so‘m
— Damas Move PAS 1.5 LV0 149 011 000 so‘m
— Damas Move PAS 1.5 LV1 154 128 000 so‘m
Ma’lumot uchun, eski Damas 93,2 mln so‘mdan, Labo narxi esa 96,4 mln so‘mdan sotilayotgan edi.
2025 yil 31-dekabr kuni UzAuto Motors ikkita yangi tijorat avtomobillari Chevrolet Damas Max yuk tashishga mo‘ljallangan va Chevrolet Damas Move yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan modellarini bozorga chiqarilayotganini ma’lum qilgan edi.
Kompaniya yangi Chevrolet Damas’ni o‘zidan oldingi modeliga nisbatan sezilarli darajada yaxshilangan xususiyatlarga ega ekanligini aytgan.
Jumladan: yangilangan modelda dvigatel quvvati 81 ot kuchi va 103 ot kuchini tashkil etadi (+43 ot kuchi va +65 ot kuchi), yuk ko‘tarish quvvati 650 kg (+250 kg), yuk tashish versiyasida yuk bo‘limi hajmi 3050 l (+850 l), g‘ildirak bazasi 2850 mm (+1010 mm), uzunligi 4425 mm (+930 mm), kengligi 1670 mm (+270 mm) tashkil etadi.
Shu bilan birga, Damas’ning avvalgi versiyasi ishlab chiqarilishi davom ettirilishi xabar qilingan.
Avvalroq yanvarda avtomobil bozori 7,2 foizga oshgani haqida xabar berilgandi.





