
Yangi Farmon qabul qilindi: bir qator agentlik va tashkilotlar qayta tuzildi
16.07.2025 | 10:2345433
Prezident tomonidan imzolangan yangi Farmonga ko‘ra, davlat boshqaruvi tizimida proaktivlik va natijadorlikni oshirish maqsadida bir qator agentlik va tashkilotlar qayta tuzildi, vakolatlar qayta taqsimlandi va islohotlar rejasi belgilandi.
2025 yil 14 iyul kuni Prezidentning «Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–111-sonli Farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat davlat boshqaruvi tizimida funksional samaradorlikni oshirishni maqsad qilgan.
Farmonga muvofiq, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tugatildi. Unga tegishli nazorat va monitoring vazifalari Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga o‘tkazildi. Shuningdek, Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz Administratsiya tasarrufiga o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi negizida yangi agentlik — Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashkil etildi. Administratsiya Matbuot xizmati media-markazi asosida Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashkil etildi.
Farmonga binoan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Boshqaruv samaradorligi agentligi tuzildi. Shuningdek, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ham Administratsiya ixtiyoriga o‘tkazildi.
2025 yil 1 sentyabrgacha davlat va mahalliy ijro hokimiyati organlarining samaradorligini oshirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlanishi belgilandi. Shuningdek, mahalliy hokimliklarning iqtisodiy va moliyaviy vakolatlarini kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.





