
Yangi ta’lim muassasalari endi ikki bosqichda tashkil etiladi
29.06.2025 | 22:0025932
2025 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda yangidan ochiladigan ta’lim muassasalari faoliyati ikki bosqichda yo‘lga qo‘yiladi. Bu prezidentning 5 may kuni imzolagan PF–76-sonli farmonida belgilandi.

Birinchi bosqichda oliy, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalari belgilangan tartibda litsenziya olishi shart. Malakani oshirish va qayta tayyorlash xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar esa faqatgina xabardor qilish asosida faoliyat boshlashi mumkin.
Ikkinchi bosqichda ushbu ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan ta’lim dasturlari davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi. Bu jarayon orqali dasturlarning sifati va davlat standartlariga muvofiqligi nazorat qilinadi.
Akkreditatsiyadan o‘tmasdan talabalarni qabul qilish holati qonunbuzarlik sifatida baholanadi va bu muassasaning litsenziyasi bekor qilinishiga olib kelishi mumkin. Farmon ta’lim sifatini oshirish, xizmatlarni standartlashtirish va sohada nazoratni kuchaytirishni maqsad qilgan.





