
Yangi Toshkentda qurilyotgan 100 mln dollarlik yer osti avtoturargohi 2026 yil ishga tushiriladi
Yirik infratuzilma loyihasi poytaxt atrofida transport yuklamasini kamaytirish va zamonaviy shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan.

Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan qiymati 100 million dollarga teng yer osti avtoturargohini 2026 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida qurilayotgan obyekt bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tanishdi, deya xabar berdi Prezident matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, avtoturargohning umumiy qurilish maydoni 40 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Birinchi bosqichda 200 ta yengil avtomobil, shuningdek, 30 ta mototransport vositasi — mototsikl va skuterlarni joylashtirish imkoniyati yaratiladi. Bu esa hududda transport oqimini samarali boshqarishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida transport va piyodalar harakatini xavfsiz tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan. Avtoturargohga tutash holda to‘rt tomonlama qulay piyodalar o‘tish yo‘lagi barpo etiladi. Shu orqali aholi va mehmonlar uchun xavfsiz harakatlanish sharoiti ta’minlanadi.
Shuningdek, ob’ektda avtomatlashtirilgan parkovka tizimlari, velosiped ijarasi nuqtalari hamda elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari tashkil etiladi. Bu qarorlar kelgusida elektr transport ulushi ortishini hisobga olgan holda qabul qilingan.
Prezident avtoturargohlar tarmog‘ini kengaytirish, ularni aholi uchun maksimal darajada qulay qilish hamda elektromobillar infratuzilmasini jadal rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga qator ko‘rsatmalar berdi.
Avalroq Yangi Toshkent shahri konsepsiyasida jamoat transportlari asosan yer ostida, yengil avtomobillar esa yer ustida harakatlanishi rejalashtirilgani ma’lum qilingan edi.





