add

Yangi yil dasturxonida me’yor va salomatlik muhim

Bugun 15:412 daqiqa

Sog‘liqni saqlash vazirligi bayram kunlarida ovqatlanish me’yoriga rioya qilish salomatlikni asrashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Yangi yil dasturxonida me’yor va salomatlik muhim

Yangi yil bayrami arafasida aholi o‘rtasida an’anaviy ravishda turli xil taomlar tayyorlanib, dasturxonlar bezatiladi. Biroq bayram kunlari ovqatlanish tartibiga e’tiborsizlik bilan yondashish inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi uchun maxsus tavsiyaviy ko‘rsatmalarni e’lon qildi.

Tibbiy kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, bayram davrida yog‘li, qovurilgan, tuz va shakar miqdori yuqori bo‘lgan taomlarning me’yordan ortiq iste’mol qilinishi oshqozon-ichak tizimi, jigar, yurak-qon tomir hamda qand almashinuvi jarayonlariga ortiqcha yuklama beradi. Ayniqsa, surunkali kasalliklarga ega fuqarolarda bunday holatlar kasallikning zo‘rayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu munosabat bilan vazirlik bayram kunlarida qovurilgan va og‘ir hazm bo‘ladigan taomlar o‘rniga qaynatilgan, dimlab yoki bug‘da tayyorlangan ovqatlarni tanlashni tavsiya qilmoqda. Mayonezli salatlar, qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari hamda tuzli taomlar ulushini cheklash ham salomatlik uchun muhim hisoblanadi.

Mutaxassislar dasturxonda sabzavot, ko‘kat va tabiiy mevalarga ustuvorlik berishni, shirinliklarni esa me’yorda iste’mol qilishni maslahat beradi. Shakarli gazli ichimliklar o‘rniga toza ichimlik suvi yoki ko‘k choy iste’mol qilish organizm uchun foydali hisoblanadi.

Shuningdek, ovqatni sekin, belgilangan vaqtda iste’mol qilish, kechki payt og‘ir taomlardan voz kechish tavsiya etiladi. Bayram kunlari yetarli miqdorda suv ichish moddalar almashinuvini qo‘llab-quvvatlab, umumiy ahvolni barqaror saqlashga xizmat qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni Yangi yil bayramini xursandchilik va yaxshi kayfiyat bilan, biroq salomatlikka mas’uliyat bilan yondashgan holda o‘tkazishga chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Yangi yil dasturxonida me’yor va salomatlik muhim | Vaqt.uz