
Yangi Zelandiyada Maori partiyasi deputatlari haka namoyishi uchun Parlamentdan chetlatildi
05.06.2025 | 18:4038874
Yangi Zelandiya parlamenti uch nafar Maori partiyasi deputatiga tarixdagi eng uzoq muddatli jazo — 7 va 21 kunlik chiqarib yuborish jazosini tayinladi. Bu qaror ularning haka — an’anaviy raqs bilan ifodalangan norozilik namoyishiga javob tariqasida qabul qilindi.

5 iyun kuni Yangi Zelandiya parlamenti uch nafar Te Pāti Māori (Maori partiyasi) a’zosi — Xana-Ravxiti Maipi-Klark, Debbi Ngareva-Paker va Raviri Vaitiniga nisbatan parlamentdan uzoq muddatli chetlatish jazosini e’lon qildi. Bu mamlakat parlamenti tarixidagi eng katta intizomiy chora sifatida qayd etildi.
2024 yil noyabr oyida deputatlar Maori xalqining an’anaviy chaqiriq va raqs uslubidagi norozilik aksiyasini o‘tkazgan. Ular Maori xalqining huquqlarini cheklaydigan qonun loyihasiga qarshi chiqqan edilar. Hujjat keyinchalik qabul qilinmadi.
Parlamentdagi xatti-harakatlari uchun jazo berilgani haqida izoh bergan rasmiylar deputatlar hakaning o‘zi uchun emas, balki debatlar zali bo‘ylab yurib, oppozitsiya tomonga yaqinlashgani uchun jazolanganini aytdi. Komissiya raisi Judit Kollinz ularning harakatlarini «intizomga zid va tahdidli» deb baholadi.
Maipi-Klark, esa bu ta’rifni rad etdi va avvalo ularning Maori millatiga mansubligi tufayli bunday qattiq jazo qo‘llanganini ta’kidladi. U parlamentda so‘zga chiqib: «Men bu yerga ovozsizlar uchun ovoz bo‘lishga kelganman. Asli muammo shumi?» deya so‘roq qiladi.
Mazkur voqea Yangi Zelandiyada Maori madaniyati va parlament qoidalari o‘rtasidagi ziddiyatni yoritib berdi. Hukmron partiya a’zolari jazoni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, barcha muxolifat vakillari unga qarshi ovoz berdi.
Tarixiy kelishuv bo‘lgan Vaytangi shartnomasini qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan bahsli qonun loyihasi turli noroziliklarga sabab bo‘lgan edi. Minglab odamlar parlamentga yurish uyushtirgan. Bu jarayon Yangi Zelandiyada irqiy va konstitutsiyaviy muhokamalarni yanada chuqurlashtirdi.





