add

Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba iste’foga chiqishini elon qildi

08.09.2025 | 15:1520663

Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba o‘z lavozimini tark etishini ma’lum qildi. U qarorini partiyada bo‘linishning oldini olish va saylovdagi mag‘lubiyat uchun mas’uliyat sifatida baholadi.

Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba iste’foga chiqishini elon qildi
Reuters agentligi xabarlariga ko‘ra, Ishiba 7 sentyabr kuni matbuot anjumanida iste’foga chiqishini e’lon qildi. U AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan bojlar bo‘yicha muzokaralar yakunlanganini va bu vaqt ketish uchun to‘g‘ri payt deb hisoblaganini ta’kidladi. Ishiba partiyaning iyul oyidagi yuqori palata saylovlarida mag‘lubiyatga uchrashini shaxsiy mas’uliyat sifatida qabul qildi. Uning fikricha, agar navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o‘tkazilsa, Liberal-demokratik partiyada jiddiy bo‘linishlar yuzaga kelishi mumkin edi. Shu bilan birga, bosh vazir yangi nomzod saylangunga qadar o‘z faoliyatini davom ettirishini qo‘shimcha qildi. Joriy yilda LDP avval quyi, keyin esa yuqori palatada ko‘pchilik ovozini yo‘qotdi. Bu holat partiyaning 1955 yildan beri davom etayotgan hokimiyat ustunligiga jiddiy zarba berdi. Yangi LDP rahbari saylanishi ortidan bosh vazir ham almashishi mumkin. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, ehtimoliy nomzodlar sifatida sobiq iqtisodiy xavfsizlik vaziri Sanae Takaiti hamda hozirgi qishloq xo‘jaligi vaziri Sindziro Koidzumi ko‘rilmoqda. Biroq koalitsiya parlamentda ko‘pchilikni yo‘qotgani bois, ulardan biri bosh vazir bo‘lishiga kafolat yo‘q. 68 yoshli Ishiba 2024 yil oktyabrida korrupsiya mojarosi tufayli iste’foga chiqqan Fumio Kishida o‘rnini egallagandi. Bir yilga yetmay u ham lavozimini tark etishga qaror qildi.

Teglar

Mavzuga oid