
Yaponiya kompaniyasi O‘zbekistonda yirik quyosh va energiya saqlash loyihasini amalga oshiradi
Sumitomo Corporation kompaniyasi Samarqand va Buxoroda 1 000 MW quvvatli quyosh stansiyalari va 1 336 MWh batareyali energiya saqlash tizimini qurishni moliyalashtirmoqda. Loyiha 2027 yildan keyin ishga tushadi.

Yaponiyaning Sumitomo Corporation kompaniyasi O‘zbekistondagi eng yirik qayta tiklanuvchi energiya loyihasini amalga oshirish uchun moliyalashtirish shartnomasini imzoladi. Loyiha doirasida umumiy quvvati 1 000 MW bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari va 1 336 megavatt-soat (MWh) sig‘imli batareyali energiya saqlash tizimlari (BESS) barpo etiladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Mega-loyiha Saudiya Arabistonining ACWA Power, Yaponiyaning Shikoku Electric Power va Chubu Electric Power kompaniyalari hamkorligida amalga oshiriladi. Moliyalashtirish jarayonida Yaponiya xalqaro hamkorlik banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Islom taraqqiyot banki ishtirok etmoqda.
Quyosh stansiyalari Samarqand va Buxoro viloyatlarida joylashadi. Ushbu majmua ishga tushgach, har yili taxminan 600 ming xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplash imkonini beradi. Barcha ishlab chiqarilgan energiya 25 yillik shartnoma asosida «O‘zbekiston Milliy Elektr Tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatiga sotiladi.
Sumitomo korporatsiyasi bayonotida ta’kidlanishicha, bu loyiha O‘zbekistonda quyosh energiyasi va energiyani saqlash tizimini birlashtirgan eng yirik dastur hisoblanadi. Loyiha orqali kompaniya mamlakatning energiya tizimini diversifikatsiya qilish, tabiiy gazga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish va qayta tiklanuvchi manbalar ulushini oshirishga hissa qo‘shadi.
O‘zbekiston hukumati 2030 yilgacha umumiy elektr quvvatining kamida 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ta’minlashni maqsad qilgan. Yangi quyosh va energiya saqlash loyihasi bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.





