
Yaponiya okean tubidan noyob elementlarni topdi
Yaponiya tadqiqot missiyasi okeanning 6000 metr chuqurligida noyob yer elementlarini o‘z ichiga olgan qatlamlarni aniqladi. Yaponiya qimmatbaho minerallar bo‘yicha Xitoyga bo‘lgan qaramligini kamaytirishga intilmoqda.

Yapon tadqiqot missiyasi davomida okeanning 6000 metr chuqurligida noyob yer elementlarini o‘z ichiga olgan yotqiziqlar topildi. Bu haqda bugun, 2-fevral kuni Tokiodagi hukumat ma’lum qildi.
Namunalar chuqur suvlarda ilmiy burg‘ulash ishlarini olib boruvchi «Chikyu» kemasi yordamida olingan. U dekabr oyida Tinch okeanda joylashgan, Yaponiyaga tegishli olis atoll – Minamitori oroli tomon yo‘l olgan edi. Olimlarning baholashicha, ushbu orol atrofidagi suvlarda 16 million tonnadon ortiq noyob yer elementlari yashiringan bo‘lishi mumkin. Agar bu tasdiqlansa, mazkur kon dunyodagi eng yiriklaridan biriga aylanadi.
«Agar Yaponiya Minamitori hududida noyob yer elementlarini barqaror ravishda qazib olishga muvaffaq bo‘lsa, bu sanoatning asosiy tarmoqlari uchun ichki ta’minot zanjirini ta’minlaydi», – dedi Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) ilmiy xodimi Takaxiro Kamisuna.
Uning ta’kidlashicha, bu Yaponiya hukumati bosh vazir Sanae Takaichi rahbarligida intilayotgan Xitoydan noyob yer elementlari importiga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishga ham yordam berishi mumkin.
Xitoy Yaponiyaga yetkazib berishlarni chekladi
2025 yil noyabr oyida Yaponiya tarixida hukumatni boshqargan ilk ayol Sanae Takaiti Xitoyning Tayvanga hujumi Yaponiya uchun «tahdid soluvchi vaziyat» sifatida baholanishi mumkinligini aytgan edi. Yaponiya qonunchiligiga ko‘ra, agar boshqa davlatga qilingan hujum Tokio uchun ham ochiq xavf tug‘dirsa, armiyani xorijda qo‘llashga ruxsat beriladi. Pekin esa, agar Yaponiya bosh vaziri o‘z so‘zlaridan qaytmasa, javob choralari ko‘rilishini ogohlantirgan.
6-yanvar kuni Xitoy Savdo vazirligi Yaponiyaga ikki xil maqsadda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan tovarlar eksportini taqiqlaganini e’lon qildi. Bu ro‘yxatga ayrim noyob yer elementlari ham kiritilgan.
Noyob yer elementlarining ahamiyati
Noyob yer elementlari – o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan 17 ta kimyoviy elementdan iborat guruh. Ular yuqori texnologiyali qurilmalar ishlab chiqarishda, xususan radioelektronika va asbobsozlik sohalarida juda muhim hisoblanadi. Razvedka qilingan noyob yer metallari zaxiralari bo‘yicha yetakchi mamlakat Xitoy bo‘lib (44 million tonna), undan keyin Vietnam (22 mln tonna), Braziliya (21 mln tonna), Rossiya (10 mln tonna) va Grenlandiya (2 mln tonna) turadi.





