
Yaponiyaning Sojitz kompaniyasi Toshkent aeroportiga 200 mln dollar investitsiya kiritmoqchi
20.08.2025 | 10:0042543
Yaponiyaning yirik korporatsiyasi Sojitz Toshkentda quriladigan yangi xalqaro aeroport loyihasiga 200 million dollar sarmoya yo‘naltiradi.

Sojitz korporatsiyasi prezidenti Kosuke Uemuraning ma’lum qilishicha, kompaniya hamkorlari bilan birgalikda Toshkentdagi yangi aeroport qurilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Unga ko‘ra, aeroport loyihasiga 200 million dollar sarmoya yo‘naltiradi.
Kompaniya O‘zbekistonda faoliyatini 2024 yil iyul oyida ochilgan o‘zining Toshkentdagi rasmiy vakolatxonasi orqali yo‘lga qo‘ygan. Sojitz shu paytga qadar mamlakatda yirik tibbiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida qurilayotgan 300 million dollarlik zamonaviy tibbiyot markazi kompaniyaning asosiy tashabbuslaridan biri hisoblanadi.
Yaqinda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Sojitz bilan yangi «yo‘l xaritasi»ni imzoladi. Unda energetika, sog‘liqni saqlash, infratuzilma sohalariga 1 mlrd dollar sarmoya yo‘naltirishi haqida ma’lum qilgan. Mazkur hamkorlikning asosiy maqsadi O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini oshirish va yapon texnologiyalari hamda tajribasini jalb qilishdir.
Yangi aeroport loyihasi va uning ahamiyati
O‘zbekiston poytaxtida xalqaro aviaaloqalarni rivojlantirish, yuk va yo‘lovchi oqimini samarali tashkil etish maqsadida Toshkent viloyatida yangi aeroport qurilishi rejalashtirilmoqda.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning ta’kidlashicha, yangi aeroport Toshkent shahridan 17 km janubda, Samarqand bilan bog‘lovchi amaldagi avtomobil yo‘li va kelajakda quriladigan pulli trassaga yaqin hududda joylashadi.
Avvalroq Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 11 avgust kuni bo‘lib o‘tgan «Hokimlik soati» yig‘ilishida yangi xalqaro aeroport O‘rta Chirchiq tumanida joylashishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.





