
Yaqin Sharqda urushning uchinchi kuni: Eron Isroilga eng qonli zarbasini berdi
15.06.2025 | 20:00295210 daqiqa
Eron va Isroil o‘rtasidagi o‘zaro raketa bilan zarbalar almashinuvi uchinchi kun ham davom etmoqda. Eron tomonidan uyushtirilayotgan tobora halokatli tus olmoqda, ular Isroilda fuqarolar o‘rtasida katta qurbonlarga olib keldi. Isroil armiyasi esa zarbalar miqyosini kengaytirib, yadroviy va harbiy ob’ektlardan tashqari, Eron iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan neft va gaz infratuzilmasini ham nishonga olmoqda.

Yaqin vaqt ichida Isroil yangi hujumlarni amalga oshirishi kutilmoqda. Nishonlar yana harbiy ob’ektlar bo‘lishi mumkin, ammo hujumlar shunchalik yirik ko‘lamli bo‘lishi mumkinki, bu faqatgina harbiy emas, balki tinch aholi hayotiga ham xavf soladi.
Isroilning uchinchi kungi keng ko‘lamli zarbalari
Urushning uchinchi kunida Isroil Eron hududiga yana bir keng ko‘lamli raketali hujum uyushtirdi. 14 iyun kechasi Eronning eng yirik gaz konlaridan biri — Janubiy Pars hujumga uchradi va unda gaz qazib olish qisman to‘xtatildi.
15 iyunga o‘tar kechasi esa Tehrondagi asosiy neft ombori — Shahron, Eron mudofaa vazirligi qarorgohi, Mudofaaviy innovatsiyalar va tadqiqotlar tashkiloti (SPND) binosi va boshqa bir qator ob’ektlarga zarbalar berildi.
Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) ma’lumotlariga ko‘ra, Isfahondagi uranni qayta ishlash zavodi ham nishonga olingan — zavodda uranni qayta ishlash va yoqilg‘i plastinkalari ishlab chiqarish sexlari jumlasida 4 ta muhim inshoot zararlangan.
Eron OAV ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolik infratuzilmasi ham shikastlangan — Tehronning shimoli-sharqida joylashgan turarjoy binolaridan biri raketali zarba natijasida vayron bo‘lgan. Fars agentligi xabar berishicha, vayronalar ostida 10 nafar bola halok bo‘lgan.
Isroil mudofaa armiyasi (SAHAL) ma’lumotiga ko‘ra, kechagi hujumda 80 dan ortiq ob’ekt nishonga olingan. So‘nggi uch kun ichida esa Isroil armiyasi Erondagi 170 dan ortiq nishonga zarba bergan.
Eron eng qonli javob zarbasini berdi
Eron bu hujumlarga javoban urush boshlanganidan beri eng halokatli zarbalardan birini amalga oshirdi. 15 iyunga o‘tar kechasi Isroilga taxminan 80 ta ballistik raketa uchirildi. Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 10 nafar tinch fuqaro halok bo‘lgan — ular orasida Tel Aviv yaqinidagi Bat Yam shahrida 6 kishi, jumladan 2 nafar bola va shimoldagi Tamra shahrida 4 nafar ayol bor.
Bat Yamdagi ko‘p qavatli turarjoy binosi to‘liq vayron bo‘lgan. 15 iyun kuni bu yerda olib borilayotgan qutqaruv ishlari bilan tanishish uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu keldi va Eronga albatta javob berilishini va’da qildi.
Butun Isroil bo‘ylab 200 nafardan ortiq kishi tan jarohati olgan. Hujumlar oqibatida Rexovot shahridagi Vaysman fan institutidagi ilmiy tadqiqot markazi binosi va Hayfadagi Bazan neft qayta ishlash zavodi ham shikastlangan. Zavod ishni to‘xtatmagan.
Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) ma’lum qilishicha, ular Isroil harbiy samolyotlari uchun yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi ob’ektlarga va Isroilning energiya ta’minoti markazlariga zarba berishgan. Bu ma’lumotlar Isroil tomonidan rasman tasdiqlanmagan.
Fuqarolar o‘rtasida qurbonlar soni ortib bormoqda. Isroil uchun o‘tgan tun eng qonlisi bo‘ldi
Eron zarbalari natijasida mamlakatda uch kundan kam vaqt ichida kamida 13 nafar fuqaro halok bo‘ldi. Shu bilan birga, Isroilning hujumlari Eronda 138 nafar odamning hayotiga zomin bo‘ldi. Bu raqamlar Eron rasmiylarining baholashlariga asoslanadi.
Qurbonlar orasida Isroilning fikricha, zarbalar uchun legitim nishon bo‘lgan yuqori darajali harbiylar va yadro dasturi muhandislari bilan birga, oddiy fuqarolar ham bor.
15 iyun kunduzi Isroil hujumlarini qayta boshladi
15 iyun kuni tushdan keyin Isroil yana Eronga qarshi yangi hujumlarni boshladi. Buning oldidan SAHALning fors tilidagi rasmiy vakili Islom Respublikasi aholisiga murojaat qilib, qurol-yarog‘ ishlab chiqarish ob’ektlari va ularga xizmat qiluvchi infratuzilma yaqinida yashovchi tinch fuqarolarni vaqtincha xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilishga chaqirgan.
Bu ogohlantirishdan bir necha soat o‘tib, Tehronda kuchli portlashlar sadosi eshitildi. The Jerusalem Post nashri ma’lumotiga ko‘ra, hujum nishonlaridan biri Mehrobod aeroporti bo‘lishi mumkin. Ammo hozircha bu yangi hujumning aniq nishonlari va oqibatlari haqida rasmiy ma’lumotlar berilmagan.
Eron yadro kelishuvi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga tayyor ekanini e’lon qildi
15 iyun kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy mamlakat yadro kelishuvi bo‘yicha AQSH bilan muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Islom Respublikasi rahbariyati Isroil zarbalari rejalashtirilishida Vashingtonning ishtirokiga ishonadi. Shu bilan birga, Eron hukumati Donald Tramp ma’muriyati bilan atom dasturi bo‘yicha muvaffaqiyatli kelishuvga erishish uchun muzokarani qayta boshlash ehtimolini istisno qilmayapti.
Isroil zarbalari aynan ushbu yadro dasturi harbiy maqsadda qo‘llanilmoqda, degan shubhalar bilan izohlangan edi.
Bu bayonotga AQSH Oq uyi tomonidan hozircha rasmiy munosabat bildirilmagan.





