
Yaqin Sharqdagi xatarlar baholanar ekan, neft narxlari bir oz pasaydi
AQSH tomonidan Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan kemalar uchun berilgan ko‘rsatmalardan so‘ng, tahlilchilar ehtimoliy ta’minot uzilishlari xavfini baholamoqda.

Bugun, 10-fevral kuni neft narxlari bir oz pasaydi. Bunga sabab shuki, savdogarlar AQSH tomonidan Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan kemalar uchun berilgan ko‘rsatmalardan so‘ng, ehtimoliy ta’minot uzilishlari xavfini baholamoqda. Bu holat Vashington va Tehron o‘rtasidagi keskinlikka e’tiborni yanada kuchaytirdi, deb xabar berdi «Reuters».
«Brent» markali neft fyucherslari barrel uchun 18 sentga yoki 0,26 foizga pasayib, 68,85 dollarga tushdi. AQSHning «West Texas Intermediate» (WTI) nefti esa 21 sentga yoki 0,33 foizga arzonlab, barreli 64,15 dollarni tashkil qildi.
Bu pasayishdan oldin, 9-fevral kuni narxlar 1 foizdan ortiq o‘sgan edi. O‘shanda AQSH Transport vazirligi huzuridagi Dengiz ma’muriyati AQSH bayrog‘i ostidagi tijoriy kemalarga Eronning hududiy suvlaridan imkoni boricha uzoqroqda yurishni, shuningdek, Eron kuchlari tomonidan bortga chiqish uchun ruxsat so‘ralsa, og‘zaki rad javobini berishni tavsiya qilgan edi.
Ehtimoliy xavf
Dunyo bo‘ylab iste’mol qilinadigan neft hajmining taxminan beshdan bir qismi Ummon va Eron orasida joylashgan Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi. Shu sababli ushbu hududdagi har qanday keskinlashuv jahon neft ta’minoti uchun jiddiy xavf hisoblanadi.
Eron, shuningdek, OPEK a’zolari bo‘lgan Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt va Iroq o‘z neftining asosiy qismini aynan shu bo‘g‘oz orqali, asosan Osiyo bozorlariga eksport qiladi.
Bu ko‘rsatmalar o‘tgan hafta Eronning bosh diplomati Ummon vositachiligida AQSH bilan olib borilayotgan yadroviy muzokaralar «yaxshi boshlangani» va davom ettirilishini aytganiga qaramasdan e’lon qilindi.
«Ummondagi muzokaralar ehtiyotkorona ijobiy ruhda o‘tgan bo‘lsa-da, ehtimoliy keskinlashuv, sanksiyalarni kuchaytirish yoki Hormuz bo‘g‘ozida ta’minot uzilishi xavfiga oid noaniqlik neft narxlarida ma’lum darajada xavf ustamasini saqlab qolmoqda», – deb yozdi «IG» kompaniyasi tahlilchisi Toni Saykamor mijozlar uchun tayyorlangan izohida.
Rossiya neftiga taqiq
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirishni taklif qildi. «Reuters» tomonidan ko‘rib chiqilgan hujjatga ko‘ra, yangi taklifda Rossiya neftini qayta ishlaydigan Gruziya va Indoneziya portlarini ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish nazarda tutilgan. Bu YIning uchinchi mamlakatlar portlarini ilk bor nishonga olishi bo‘ladi.
Bu qadam Ukrainadagi urush fonida Moskva uchun asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lgan Rossiya neftiga nisbatan bosimni kuchaytirishga qaratilgan.
Shu orada, savdogarlar ma’lum qilishicha, «India Oil Corp» (IOC.NS) G‘arbiy Afrika va Yaqin Sharqdan jami olti million barrel neft xarid qildi. Bu Hindistonning Vashington bilan savdo kelishuviga intilishi doirasida Rossiya neftidan ehtiyotkorlik bilan voz kechayotgani bilan bog‘liq.





