Yaqin Sharqdan vatanga qaytarilgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum qilindi

05.03.2026 | 10:252 daqiqa

Fors ko‘rfazi davlatlarida qolib ketgan yurtdoshlarni Vatanga qaytarish uchun maxsus reyslar amalga oshirilmoqda.

Yaqin Sharqdan vatanga qaytarilgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum qilindi

Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli bir qator davlatlarda qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolarini Vatanga qaytarish bo‘yicha maxsus evakuatsiya ishlari amalga oshirildi. Natijada 5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mamlakatga olib kelindi.

Aviareyslar kechiktirilgan fuqarolar

Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 28-fevraldan 2-martgacha bo‘lgan davrda Quvayt, Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklaridan 1681 nafar O‘zbekiston fuqarosi rejalashtirilgan aviareyslar bilan uchib ketish imkoniga ega bo‘lmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq, Fors ko‘rfazi davlatlarida qolib ketgan fuqarolarni Vatanga qaytarish maqsadida maxsus reja ishlab chiqildi. Ushbu reja Transport vazirligi tomonidan rezident hamda xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, hozirga qadar mamlakatimiz aviakompaniyalari tomonidan Saudiya Arabistonining Madina va Jidda shaharlaridan 21 ta maxsus reys tashkil etilgan. Ushbu reyslar orqali 4948 nafar yo‘lovchi O‘zbekistonga qaytarildi.

Dubay shahridan amalga oshirilgan aviareys

Shuningdek, Dubay shahridan ham qo‘shimcha aviareys amalga oshirilib, unda 235 nafar fuqaro mamlakatga olib kelingan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, zarur hollarda qo‘shimcha reyslar tashkil etilishi mumkin.

Fuqarolarga tezkor axborot va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida «O‘zaviatsiya» agentligi tomonidan koll-markaz 24 soatlik tartibda ishlamoqda. Murojaatlar +998 (78) 120-00-72 va +998 (71) 200-07-65 telefon raqamlari orqali qabul qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent va Dubay o‘rtasidagi aviaqatnovlar 2026-yil 4-martdan boshlab bosqichma-bosqich qayta tiklandi. Ma’lumotga ko‘ra, reyslar «Uzbekistan Airways», «CentrumAir» va «Qanot Sharq» aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Biroq, bu reyslar Dubayga odam olib bormaydi. Faqat Birlashgan Arab Amirliklarida vaqtincha bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni olib chiqish uchun mo‘ljallangan.

Teglar

Mavzuga oid