add

YeI sudi Alisher Usmonovning umidini puchga chiqardi

04.09.2025 | 20:2035356

Yevropa Ittifoqi sudi USM asoschisi Alisher Usmonovning sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vosini yana bir bor rad etdi va sanksiyalarni asosli deb topdi. Sud Usmonovning huquqlari buzilgani va dalillar yetarli emasligi haqidagi vajlarini asossiz deb baholadi.

YeI sudi Alisher Usmonovning umidini puchga chiqardi
Yevropa Ittifoqi sudi asli o‘zbekistonlik milliarder, USM xoldingi asoschisi Alisher Usmonovning Yevropa sanksiyalarini bekor qilish to‘g‘risidagi da’vosini yana rad etdi. Qaror Yevropa Ittifoqi sud ma’lumotlar bazasida e’lon qilindi. Bundan oldin sud Usmonovning da’vosini 2024 yil fevral oyida rad etgan edi. O‘shanda Usmonov tomoni sudda sanksiyalarni joriy etish asoslari yetarli emasligini, ular uchun sabablar juda mavhum ekanini va uni ro‘yxatga kiritishning aniq sabablarini aniqlash imkonini bermasligini dalil sifatida keltirgan. Xususan, YeI Kengashi Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishda Forbes maqolasidan iqtibos keltirgan. Bu safar ham Usmonov sanksiyalarga qarshi oltita dalilni ilgari surdi. Bular jumlasiga yetarli dalillarning yo‘qligi, sabablar va samarali sud himoyasi huquqini bayon qilish majburiyatining buzilishi, teng munosabat va kamsitmaslik tamoyillariga rioya qilmaslik, mutanosiblik prinsipi, shuningdek, mulk huquqi, shaxsiy hayot daxlsizligi va fikr erkinligini hurmat qilish huquqlarining poymol etilishi kiradi. Sud da’vogarning dalillarini rad etdi. Xususan, Yevropa Ittifoqi Kengashi Usmonovning «Kommersant» gazetasi egasi sifatida fikr bildirish erkinligi buzilgani haqidagi da’vosini «asossiz» deb topdi. Shuningdek, Kengash Rossiya hukumati va yetakchi tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik munosabatlari mavjudligini isbotlashga majbur emasligini ta’kidladi. Sud Usmonovning EI Kengashi ikkilamchi ma’lumotlarga tayanganiga oid shikoyatini ham rad etdi. Bunda sud birlamchi hujjatlar doim ham Kengash uchun ochiq bo‘lmasligi mumkinligini eslatib o‘tdi. «Forbes» Usmonovning boyligini 16,5 milliard AQSH dollariga baholamoqda. Yevropa Ittifoqi unga nisbatan 2022 yil 28 fevralda sanksiyalar joriy etdi, o‘sha yilning 3 martida AQSH va Buyuk Britaniya, 11 martda esa Kanada tadbirkorga qarshi cheklovlar e’lon qildi. Aprel oyida Gamburg portida Usmanovga tegishli deb taxmin qilingan 156 metrlik «Dilbar» yaxtasi ushlab qolingani haqida ma’lumot tarqaldi. Shundan so‘ng, tadbirkor Germaniyada ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulkka egalik qilish to‘g‘risidagi soxta ma’lumotlar tufayli soliqdan qochish ayblovi bo‘yicha tergov ob’ektiga aylandi. Advokatlar bu ayblovni asossiz deb hisoblashmoqda. Alisher Usmonov Amerikaning «Forbes» jurnali, Germaniyaning «Tagesspiegel» gazetasi va Avstriyaning «Kurier» gazetasi ustidan sudda g‘alaba qozondi. 2025 yil may oyida Gamburg yer sudi «Mediahuis Luxembourg S.A.» media-xoldingi nashrlariga tadbirkor Alisher Usmonovni Dilbar superyaxtasining egasi deb atashni man etdi. Avvalroq, Vengriya va Slovakiya Yevroittifoqdan rossiyalik biznesmenlarga qarshi sanksiyalarni bekor qilish evaziga boshqa cheklovlarni uzaytirishni taklif qilayotgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid