
YeI va Ukraina Tramp–Putin muzokaralarida o‘z pozitsiyasini himoya qilmoqchi
10.08.2025 | 09:0025423
Yevropa yetakchilari Ukraina taqdiri ukrainlarsiz va YeIdan chetda hal qilinishi mumkinligidan xavotirda, shu bois umumiy kelishuv taklifi tayyorlandi.

The New York Times yozishicha, Yevropa mamlakatlari rahbarlari AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha YeI ishtirokisiz kelishuvga kelishidan chuqur xavotirda. Yevroittifoq rasmiylari Trampni Ukraina ham muzokaralar stolida bo‘lishi shartligiga ishontirishga harakat qilmoqda. Shuningdek, ular o‘zlari ham jarayonda ishtirok etishni istashmoqda, ammo bu ehtimol past baholanmoqda.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Volodimir Zelenskiy, Germaniya kansleri Friderix Mers va Britaniya bosh vaziri Kiyr Starmer bilan suhbat o‘tkazganini ma’lum qildi. U Ukraina kelajagi uning o‘zi ishtirokisiz hal qilinmasligi lozimligini ta’kidlab, mamlakatlar Ukrainaga yordamni birlashgan holda va «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» doirasida davom ettirishini bildirdi.
The Wall Street Journal nashri ma’lumotiga ko‘ra, YeI va Ukraina Tramp–Putin uchrashuvi oldidan umumiy taklif taqdim etdi. Bu reja Rossiya prezidenti Vladimir Putinning otashkesim haqidagi taklifidan farq qiladi. Chunki Moskva katta hududiy imtiyozlar talab qilmoqda, bu talab Kiyev va Bryussel uchun qabul qilib bo‘lmagan darajada.
Yangi taklifga ko‘ra, har qanday «hududiy almashinuv» faqat o‘zaro asosda amalga oshirilishi mumkin. Ya’ni, agar Ukraina ayrim hududlardan qo‘shinlarini chiqarsa, Rossiya ham boshqa hududlardan chiqishi shart. Kiyev va Bryussel bunday yondashuv tinchlik jarayonini adolatli saqlash va Ukraina suverenitetini himoya qilish uchun muhim deb hisoblamoqda.





