
YeI vazirlari Yaqin Sharq va Rossiya bo‘yicha sanksiyalarni muhokama qiladi
23.06.2025 | 15:0041933
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Lyuksemburgdagi yig‘ilishda Isroil-Eron ziddiyati va G‘azodagi falokat yuzasidan munosabat bildiradi. Shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-bosqichi muhokama qilinadi.
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari 24 iyun kuni Lyuksemburgda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Yaqin Sharqdagi ziddiyat va Rossiyaga nisbatan navbatdagi sanksiyalar masalalarini muhokama qiladi.
Yig‘ilishda asosiy e’tibor Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik hamda G‘azoda yuzaga kelgan gumanitar vaziyatga qaratiladi. Vazirlar ayrim isroillik amaldorlarga nisbatan sanksiya qo‘llash masalasini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda. Biroq YeIdagi umumiy kelishuvning yo‘qligi sababli bunday qaror qabul qilinishi ehtimoli past ekani ta’kidlanmoqda.
Muzokaralarda, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-bosqichi yuzasidan kelishuv kutilmoqda. Bu bosqichda yangi eksport va import cheklovlari, kiberxavfsizlik, energiya hamkorligi va moliyaviy xizmatlarga oid choralar kiritilishi mumkin.
Mazkur uchrashuv 26–27 iyun kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi yetakchilari sammiti hamda 24–25 iyun kunlari Gaagada rejalashtirilgan NATO sammiti arafasidagi muhim siyosiy tayyorgarlik sifatida baholanmoqda.
Yevropa Ittifoqi so‘nggi oylarda xalqaro nizolar yuzasidan umumiy pozitsiyani shakllantirishda qiyinchilikka uchrayotgani, xususan, Yaqin Sharq va Ukraina masalalarida a’zolar o‘rtasida fikrlar turlicha ekani qayd etilmoqda.





