add

Yengil avtomobillar importining 70 foizdan ziyodi elektromobillar bo‘ldi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga olib kirilgan yengil avtomobillar importida elektromobillar hajmi asosiy ulushni tashkil etdi.

Yengil avtomobillar importining 70 foizdan ziyodi elektromobillar bo‘ldi

2025 yilda O‘zbekistonda yengil avtomobillar importi tarkibi keskin o‘zgardi. Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatga olib kirilgan avtomobillar soni 7,1 foizga o‘sib, 79 822 donani tashkil etgan bo‘lsa-da, importning umumiy qiymati aksincha, kamayishni ko‘rsatdi.

2025 yilda yengil avtomobillar importi qiymati 1,17 mlrd dollarga teng bo‘lib, bu 2024 yildagi 1,28 mlrd dollarga nisbatan 8,1 foizga kam. Ushbu holat bozorda arzonroq modellar ulushining oshishi va import tarkibining o‘zgarishi bilan izohlanadi.

Import o‘sishining asosiy drayveri sifatida elektromobillar maydonga chiqdi. 2025 yil davomida O‘zbekistonga 56 832 ta elektromobil olib kirildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ikki barobardan ortiq o‘sishni anglatadi. Natijada elektromobillar umumiy import hajmida 70 foizdan ortiq ulushni egalladi.

Taqqoslash uchun, 2024 yilda elektrokarlar importi qiymati 224,7 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 701 mln dollarga yetdi. Yillik o‘sish 212 foizni tashkil qilib, elektr transport vositalariga talab keskin oshganini ko‘rsatdi.

Ta’kidlash joiz bo‘lsa, an’anaviy benzin dvigatelli yengil avtomobillar importi pasayishda davom etdi. 2025 yilda ushbu segmentdagi import hajmi qariyb 40 foizga qisqarib, 19 871 donani tashkil etdi. Qiymat jihatidan esa yetkazib berishlar 706,8 mln dollardan 387,9 mln dollarga tushdi.

Shuningdek, eng katta pasayish gibrid avtomobillar segmentida qayd etildi. 2025 yilda mamlakatga atigi 3 017 ta gibrid avtomobil olib kirildi, bu 2024 yilga nisbatan deyarli olti barobar kam. Ularning import qiymati ham 339,3 mln dollardan 80,9 mln dollargacha pasaygan.

Bundan tashqari, dizelli yengil avtomobillar esa bozorda eng kichik ulushni saqlab qoldi. Miqdoriy hajm 102 donani tashkil etgan bo‘lsa-da, segment qiymati qariyb ikki barobarga qisqarib, 2,65 mln dollarga tushgani ma’lum bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid