add

Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tuziladi, aralash mato-gazlamalarga esa imtiyoz beriladi

13.08.2025 | 16:3039868

Prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ip-kalava va mato narxi asosiy raqobatchilardan o‘rtacha 10–15 foiz yuqori ekani qayd etildi. Buning sababi – mahalliy mahsulot tarkibida paxta ulushi 90 foizga yetsa, boshqa mamlakatlarda u 30–40 foiz bo‘lib, qolgan qismini poliester, viskoza va spandeks kabi arzon sintetik tolalar tashkil etadi.

Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tuziladi, aralash mato-gazlamalarga esa imtiyoz beriladi
Dunyo bozorida sun’iy tola va aralash matoga talab yil sayin ortib borayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimizda esa har yili 100 ming tonna aralash ip, mato va gazlama import qilinadi. Shu munosabat bilan 2028 yil 1 yanvargacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etiladi. Mutasaddilarga yil yakunigacha kamida 100 ming tonnalik aralash gazlama ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Shuningdek, bir nechta bo‘yoq korxonalari birlashib, suv tozalash inshooti qurgan taqdirda, xarajatlarning bir qismi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan qoplab beriladi. Bu chora atrof-muhit muhofazasi va eksport standartlariga rioya etishda muhim ahamiyat kasb etadi.   Olis tumanlarda 200 nafar ish o‘rinli tikuvchilik fabrikalari ochiladi O‘tgan yilda 5 mln dollardan ortiq mahsulot eksport qilgan, kamida 200 nafar ishchiga ega 55 ta to‘qimachilik korxonasiga keng imkoniyatlar yaratiladi. Ularga ko‘mak berish orqali olis va sanoat kirib bormagan tumanlarda filiallar ochish rejalashtirilgan. Bu maqsadda Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan besh yil muddatga 10 mlrd so‘mgacha Markaziy bank asosiy stavkasida kredit beriladi. Shuningdek, xorijlik dizayner, texnolog, konstruktor va marketologlarning ish haqi davlat tomonidan qoplab beriladi. Korxonalarga qo‘yiladigan asosiy shart – kamida 200 ta ish o‘rni yaratish va munosib ish haqi to‘lash. Mutasaddilarga mazkur rag‘batlantirish choralarini ishga solib, joriy yil oxiriga qadar 20 ta tumanda, kelgusi yili yana 30 ta tumanda tikuvchilik fabrikalari ishga tushirish topshirildi. Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasidan boshlanadi.   To‘qimachilikda xalqaro sertifikatli korxonalar ko‘paytiriladi Texnik tartibga solish agentligiga xalqaro sertifikatli korxonalar sonini 300 taga yetkazish topshirildi. Tashqi ishlar vazirligi esa aylanmasi 1 mlrd dollardan katta brendlar bilan hamkorlik yo‘l xaritasini ishlab chiqib, sentyabrda Toshkentda o‘tadigan yirik ko‘rgazmaga ularni taklif qiladi. AQSHda yiliga qariyb 100 mlrd dollarlik tekstil bozori mavjudligi qayd etildi. Muqobil qo‘llab-quvvatlash choralari orqali bu mamlakatga eksport hajmini 5–6 barobar oshirish mumkinligi ta’kidlandi. Shu maqsadda Sent Luis va Nyu Yorkda ikki savdo uyi ochiladi. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlariga sun’iy intellektni joriy etish orqali korxonalar daromadini 20–30 foizga oshirish, faoliyatni shaffoflashtirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish mumkinligi qayd etildi. Buning uchun to‘qimachilik korxonalariga ERP tizimini joriy etish dasturi ishlab chiqiladi va o‘qitish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi.   Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tuziladi Prezident Shavkat Mirziyoyev Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etilishini e’lon qildi. Yangi agentlik to‘qimachilik, charm va ipak sanoatiga mas’ul bo‘ladi. Agentlikka Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi. Tashkilot qoshida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash tuziladi. Agentlikning alohida jamg‘armasi bo‘lib, u orqali davlat ko‘magi va to‘qimachilik korxonalariga arzon aylanma mablag‘ ajratiladi. Jamg‘armaga 200 mln dollar yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar tarmoqdagi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi loyihalarni moliyalashtirishga xizmat qiladi.   Yengil sanoat agentligi vazifalari nimadan iborat? Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi tashkil etilgan Yengil sanoatni rivojlantirish agentligiga tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘lib, tannarx, ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha aniq yechimlar tayyorlash vazifasini yuklatdi. «Bojxona hududida qayta ishlash» rejimi orqali tayyor mahsulot eksportini 2 barobarga oshirish, kooperatsiyani kuchaytirish hamda past quvvatda ishlayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish choralari ko‘riladi. Xalqaro konsultantlar bilan hamkorlikda to‘qimachilikni 2030 yilga qadar rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, shuningdek charm, ipak va gilamchilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi. Prezident hokimlar, klasterlar va tarmoq rahbarlariga ajratilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralarining qiymati 7 trln so‘mga teng ekanini ta’kidlab, bu mablag‘larga yarasha natija talab etilishini uqtirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tuziladi, aralash mato-gazlamalarga esa imtiyoz beriladi | Vaqt.uz