add

Yer bilan suv qishloq xo‘jaligimiz taqdirini hal qiluvchi masala — Mirziyoyev

31.07.2025 | 20:2038344

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida kosmik ma’lumotlardan foydalanish va raqamlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Yer bilan suv qishloq xo‘jaligimiz taqdirini hal qiluvchi masala — Mirziyoyev
31 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va unda kosmik ma’lumotlardan keng foydalanish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu uchrashuv avvalroq o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mantiqiy davomi bo‘ldi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati. Davlat rahbari yer va suv resurslaridan unumli foydalanishning muhimligiga alohida urg‘u bergan. Prezident farmoniga ko‘ra, «O‘zbekkosmos» agentligi orqali 4 million gektardan ziyod yerda kosmik monitoring o‘tkazilgan. Natijada ayrim yerlarda ekinlar umuman ekilmagani yoki noaniq mulkdorlar nomiga ekilgani aniqlangan. Bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida kreditlarni masofaviy nazorat qilish tizimi joriy etiladi. Xabar berilishicha, suv taqchilligi sharoitida kam suv talab qiluvchi ekinlar va yangi agrotexnologiyalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biroq hozirdagi sug‘orish me’yorlari amaldagi sharoitga mos emasligi qayd etildi. Shu sababli sug‘orish me’yori va gidromodul rayonlashtirish tizimini yangilash topshirildi. Fermerlar sarflayotgan suvning haligacha aniq hisobi yo‘qligi qayd etilib, buning barcha bosqichlarini raqamlashtirish, suvning konturma-kontur hisobini yuritish zarurligi ta’kidlangan. So‘nggi ikki yilda 60 ta yirik suv ombori ilk bor batimetrik tahlildan o‘tkazildi va ayrimlarida sig‘im kamaygani ma’lum bo‘ldi. «Yer bilan suv qishloq xo‘jaligimiz taqdirini hal qiluvchi masala», – degan Shavkat Mirziyoyev. Qayd etilishicha, fermerlar uchun «Raqamli qishloq xo‘jaligi» nomli yagona platforma yaratiladi. U orqali fermerlar ekin turini mustaqil tanlab, ma’lumotlarni onlayn kiritadi. Bu oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va bozorda barqaror narx shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, 100 ta zamonaviy dron olib kelinishi, ular yordamida xizmatlarni tashkil etish va xususiy sektorni jalb qilish belgilangan. Yig‘ilishda somonpoyalarni yoqishga cheklov kiritish, shuningdek, qurilish, kadastr, o‘rmon va yaylov yerlariga oid kosmik tahlillardan foydalanish yuzasidan vazir va hokimlarga topshiriqlar berilgan.

Teglar

Mavzuga oid