
Yevro va yuan dollarga jiddiy raqobatchi sifatida maydonga chiqmoqda
21.06.2025 | 14:3011504
O‘zbekistonda so‘m dollarga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlanmoqda. So‘nggi 30 kun ichida rasmiy kurs 400 so‘mdan ortiq, bir haftada esa 260 so‘mdan ko‘p tushgan. Bu so‘ngi yillarda kuzatilmagan dinamika sifatida baholanmoqda.

2025 yil iyun oyida dollar so‘mga nisbatan keskin arzonlashdi. Markaziy bankning rasmiy kursi so‘ngi kunlarda kundalik 60 so‘mgacha pasayish bilan, 12 500 so‘mdan pastga tushdi. Bu holat so‘nggi bir yarim yil ichida birinchi marta kuzatildi.
Dollarning global qadrsizlanishi vaziyatga jiddiy ta’sir qilmoqda. AQSH valyutasi uchun asosiy ko‘rsatkich sanaladigan dollar indeksi — DXY 2022 yildan buyon eng past nuqtaga tushib, investorlar ishonchi so‘nmoqda. Donald Trampning yana prezident etib saylanishi va uning tashqi siyosatdagi noma’qul bayonotlari ham bu holatni kuchaytirmoqda.
Bir vaqtning o‘zida, O‘zbekiston iqtisodiyotida ijobiy o‘zgarishlar qayd etilmoqda. Iqtisodiyotning yillik o‘sish sur’ati 6 foizdan ortiq, xalqaro reyting agentliklari esa mamlakatning kredit bahosini oshirdi. Eksport, investitsiya va pul o‘tkazmalari o‘sishi so‘mning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Markaziy bank ham kurs siyosatini erkinlashtirgan: avvalgi yillarda dollar pasayishi 15–20 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, hozir 50–60 so‘mlik o‘zgarishlar odatiy holga aylandi.
Yaqinda O‘zbekiston oltin sotuvi bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlardan birini egalladi. Oltin narxining yuqoriligi, ayniqsa, 2025 yilda mamlakatga ko‘proq valyuta kirib kelishini ta’minlamoqda.
Kelgusida dollar mustahkamlanishi kutilmoqda. Biroq eksport mavsumi va inflyatsiyaning pasayishi so‘m uchun barqaror muhit yaratishi mumkin. Shu bilan birga, global miqyosda dollarga bo‘lgan ishonch sezilarli kamaymoqda. Yevro va yuan kabi valyuta bloklari dollar ustunligiga jiddiy raqobatchi sifatida maydonga chiqmoqda.





