
Yevroittifoq 2028–2034 yillarda Ukrainaga 100 mlrd yevro ajratishni rejalashtirmoqda
17.07.2025 | 09:008014
Yevropa komissiyasi YeIning 2028–2034 yillar uchun mo‘ljallangan uzoq muddatli byudjeti loyihasida Ukrainaga 100 mlrd yevro miqdorida moliyaviy yordam ajratishni taklif qilmoqda. Bu mablag‘lar Ukraine Facility jamg‘armasi orqali yo‘naltiriladi.

Bu haqda Bryusseldagi brifingda ma’lum qilgan Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenning so‘zlariga ko‘ra, mazkur taklif — 2027 yilgacha amal qiluvchi 50 mlrd yevrolik mavjud yordam jamg‘armasi to‘liq ishlatilib bo‘layotgan bir paytda berilgan. Yangi reja mazkur yordamni ikki barobar oshirib, Ukrainada tiklanish ishlarini qo‘llab-quvvatlash, uning barqarorligini mustahkamlash va Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rishni nazarda tutadi.
Byudjet loyihasi hozircha yakuniy tasdiqdan o‘tmagan. Unga munosabat bildirish Yevroparlament va Yevropa kengashining zimmasiga yuklatilgan. Hujjat 2027 yilning oxirigacha tasdiqlanishi kutilmoqda. Loyihaning umumiy hajmi — 1,816 trln yevro bo‘lib, bu Yevroittifoq davlatlari yalpi milliy daromadining 1,1 foizidan 1,26 foizigacha oshishiga mos keladi.
Ukraine Facility — Yevroittifoq tomonidan urush davri va undan so‘nggi bosqichda Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun tashkil etilgan maxsus moliyaviy vositadir. 2024–2027 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida 50 mlrd yevro grant va kredit sifatida ajratilgan. Ushbu mablag‘lar iqtisodiy yordam, tiklanish, islohotlar va modernizatsiyaga yo‘naltirilmoqda. Ulardan foydalanish qat’iy monitoring va baholash tizimi orqali nazorat qilinadi.
Yevroittifoq keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon Ukrainaga qariyb 160 mlrd yevro yordam ko‘rsatgan. Bu mablag‘ga 2025 yilda va’da qilingan 23 milliard yevrolik harbiy yordam hamda Rossiya aktivlari hisobidan kafolatlangan 30 mlrd yevrolik kreditlar kiradi. Shu bilan birga, 2026 yilda Ukrainada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan 8–19 mlrd dollarlik byudjet taqchilligini ham Yevropa tomonidan qoplash imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.
Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, YeI yordamini kuchaytirish Donald Trampning AQSH prezidentligiga qaytishi bilan AQSH tashqi siyosatining o‘zgarishiga javob hisoblanadi. Yangi jamg‘arma tashabbusi esa Ukrainaga bo‘lgan moliyaviy yukning ko‘proq Yevropaning zimmasiga tushishiga olib kelishi mumkin.





