add

Yevroittifoq Rossiya propagandasiga qarshi markaz tashkil etadi

Bugun 13:031182

Yevrokomissiya Rossiya va boshqa avtoritar rejimlar dezinformatsiyasiga qarshi maxsus markaz tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Yevroittifoq Rossiya propagandasiga qarshi markaz tashkil etadi

Yevropa Ittifoqi hududida «Demokratik barqarorlik markazi» tashkil etiladi. Bu haqda The Guardian nashri Yevrokomissiyaning ichki hujjatiga tayangan holda xabar berdi. Yangi markaz Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen taklif etgan «Demokratiya qalqoni» tashabbusining bir qismi bo‘ladi.

Markazning asosiy vazifasi — Rossiya va boshqa davlatlardan kelayotgan axborot manipulyatsiyalariga qarshi kurash, xususan, dezinformatsiya va tarixiy faktlarni soxtalashtirish orqali demokratiyaga bo‘lgan ishonchni zaiflashtirishga urinishlarga javob tayyorlashdir.

Hujjatda Rossiya na faqat Ukrainaga qarshi urush olib borayotgani, balki Yevropaga nisbatan gibrid hujumlar amalga oshirayotgani qayd etilgan. Shu maqsadda, Yevrokomissiya YIga a’zo va a’zo bo‘lishni istagan davlatlardan ekspertlarni markaz faoliyatiga jalb qilmoqchi. Ularning ishtirok etishi ixtiyoriy bo‘ladi. Xususan, Buyuk Britaniya ham «do‘st sherik» sifatida qo‘shilishi mumkin.

Rejaga ko‘ra, «Demokratiya qalqoni» tashabbusi doirasida mustaqil faktchekerlar tarmog‘i ham yaratiladi. Bu tarmoq saylovlar, sog‘liqni saqlashdagi favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar davrida dezinformatsiyaning oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, Yevrokomissiya demokratiya me’yorlari haqida axborot tarqatadigan internet ta’sirchilar tarmog‘ini ham shakllantirmoqchi.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosati xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiya tomonidan olib borilgan o‘nlab dezinformatsiya kampaniyalari qayd etilgan. Ular orasida «Dvoynik» deb nomlangan amaliyot alohida tilga olingan — bu doirada Die Welt, Le Point, La Stampa va Polskie Radio kabi nashrlarning soxta saytlari yaratilib, aksilg‘arb materiallar tarqatilgan.

Yevrokomissiya hujjatida Xitoyning dezinformatsiya kampaniyalari ham tilga olingan. Citizen Lab tadqiqotchilarining 2024 yildagi hisobotiga ko‘ra, Xitoyda 123 soxta yangilik sayti faoliyat yuritgan va 30 ta davlatda pekinparast targ‘ibotini amalga oshirgan.

Dezinformatsiya kampaniyalari, jumladan, Ruminiyadagi saylov natijalarining bekor qilinishiga va Moldovada saylovchilarni sotib olish orqali targ‘ibot ishlariga bog‘liq holda, Rossiyaning ichki ishlarga aralashuvini yanada yaqqollashtirgan.

Ursula fon der Lyayen bu tashabbus haqida ilk marta sentabr oyida Yevroparlamentdagi chiqishida ma’lum qilgan edi. Tashabbus bo‘yicha batafsil rejalar 12-noyabr kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Yevroittifoq Rossiya propagandasiga qarshi markaz tashkil etadi | Vaqt.uz