
Yevroittifoq sanksiyalarning 19-paketini tasdiqladi: asosan Rossiya gaziga chek qo‘yiladi
20.09.2025 | 22:3045853
Rossiyadan suyultirilgan gaz importi butunlay tugaydi, neft narxiga cheklov kiritildi, «Gazprom» va «Rosneft»ga istisnolar bekor qilindi.

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 19-paketini tasdiqladi. Yangilangan cheklovlar 2027 yil yanvargacha Rossiya suyultirilgan tabiiy gazi (STG) importini to‘liq taqiqlashni o‘z ichiga oladi — bu avval belgilangan muddatdan bir yil oldinroq amalga oshadi.
Yevroittifoq «Rosneft» va «Gazprom neft»ga tegishli barcha istisnolarni ham bekor qildi. Sanksiyalar «xufiyona flot» va uni qo‘llovchi 118 ta kemaga kengaytirildi. Jami sanksiyaga tushgan Rossiya kemalar soni 560 tadan oshib ketdi.
Yevropa Ittifoqi Rossiya banklari va moliyaviy muassasalari bilan barcha tranzaksiyalarni taqiqladi, shuningdek, tezkor to‘lov tizimi ham sanksiyaga uchradi. Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksi bilan bog‘liq erkin iqtisodiy zonalarga investitsiyalar ham taqiqlandi.
Taqiqlar yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt va geoma’lumotlarga ham kengaytirildi.
Shuningdek, 3 sentyabrdan boshlab Yevropa Rossiya nefti uchun barreliga 47,6 dollarlik yuqori narx chegarasini kuchga kiritdi. YeIdan chetda joylashgan davlatlar orqali cheklovlarni aylanib o‘tayotgan kompaniyalarga nisbatan ham choralar ko‘riladi.
«Biz Hindiston va Xitoy kabi uchinchi davlatlardagi neftni qayta ishlash zavodlari, treyderlar va neft-kimyo kompaniyalarini ham qamrab olamiz», — dedi Ursula fon der Lyayen.





