add

Yevroittifoq Vengriya sababli yakdil ovoz prinsipidan voz kechmoqchi

31.08.2025 | 21:0640535

Yevropa Ittifoqiga a’zo 10 ta davlat tashqi siyosatda ko‘pchilik ovoz bilan qaror qabul qilishga o‘tishni taklif qilmoqda.

Yevroittifoq Vengriya sababli yakdil ovoz prinsipidan voz kechmoqchi
  Yevropa Ittifoqida tashqi siyosiy qarorlar barcha davlatlarning yakdil ovozi bilan emas, balki malakali ko‘pchilik orqali qabul qilinishi mumkin. Bloomberg yozishicha, 10 ta davlat mazkur tizimni o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqdi — ular bu usul ittifoq faoliyatini tezlashtirish va alohida mamlakatlarga qarshilik ko‘rsatish imkonini cheklashini ta’kidlamoqda. Bunday qaror qabul qilinishidagi asosiy omil Vengriyaning Ukrainaga nisbatan bir necha marta qarshi chiqqan pozitsiyasi bo‘lmoqda. Budapesht Kiyevga moliyaviy yordam ajratishga va uning YeIga qo‘shilish jarayoniga to‘sqinlik qilmoqda. Bu esa Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirish kabi masalalarda murakkab muzokaralarga sabab bo‘lyapti. 29 avgust kuni Vengriya Rossiya tomonidan Kiyevga berilgan raketalar zarbasini qoralovchi bayonotni imzolashdan bosh tortdi. Bu hujumda 25 kishi, jumladan, 4 bola halok bo‘lgan, YeI vakilining ofisiga ham ziyon yetgan edi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasning ta’kidlashicha, Vengriya 6,6 mlrd yevro yordam mablag‘ini ham bloklamoqda. Bu mablag‘lar Ukrainaga yetkazilgan qurol uchun YeI a’zolariga kompensatsiya sifatida ajratiladi. Kallas Vengriyaga murojaat qilib: «Agar ishtirok etmoqchi bo‘lmasangiz, boshqalarga amal qilish imkonini bering», — dedi. Ammo Vengriya Yevropa Ittifoqi tomonidan taklif qilingan bir nechta chiqish yo‘llarini ham rad etdi. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Ukraina YeIga qo‘shilishidan norozi. 18 avgust kuni AQSH prezidenti Donald Tramp u bilan telefon orqali gaplashib, bu jarayonga to‘sqinlik qilmaslikka ishontirgani xabar qilindi. Bu suhbat Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Yevropa ittifoqchilari bilan uchrashuvdan so‘ng bo‘lib o‘tgan. Orban yaqinda YeIdan chiqish ehtimolini ham tilga oldi — agar a’zolik foyda keltirmas ekan, Vengriya ittifoqni tark etishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, YeI iqtisodiy emas, siyosiy loyihaga aylangan va mamlakatlarga «urushda ishtirok» hamda «gender muhokamalari»ni majburlab yuklamoqda. Vengriya Rossiya neft va gaziga bog‘liqligini saqlab turibdi. Iyul oyida u «Drujba» neft haydash quvuri orqali 200 mln yevrolik neft va «Gazprom»dan 285 mln yevro qiymatida gaz import qilgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u Yevropada yetakchi hisoblanadi. Avgust oyida Ukraina qurolli kuchlari «Drujba» quvuriga hujum uyushtirdi. Bu neft oqimini buzdi va Orban Kiyevga «uzoq muddatli oqibatlar» bilan tahdid qildi. Vengriya TIV rahbari Peter Siyyarto esa Ukrainaga elektr energiyasini uzish bilan shantaj qildi.  

Teglar

Mavzuga oid