
Yevroittifoqni «uyg‘onish» va o‘zini o‘zi mudofaa qilishga chaqirishmoqda
19.05.2025 | 10:3043672
Italiyaning Leonardo mashinasozlik va mudofaa kompaniyasi bosh direktori Roberto Chingolani Yevropa Ittifoqini yagona mudofaa makonini yaratishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Yevroittifoqning 27 ta milliy armiyasi turlicha standartlarga ega bo‘lib, bu mudofaa sohasidagi samarasizlikka olib kelmoqda.

Chingolani Yevropa mudofaa kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Leonardo kompaniyasi Germaniyaning Rheinmetall kompaniyasi bilan zamonaviy bronetexnika ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda. Shuningdek, Airbus va Thales kompaniyalari bilan kosmik va sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu hamkorliklar Yevropa mudofaa salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Chingolani Yevroittifoqni NATOning ishonchli hamkoriga aylanish uchun mudofaa sohasidagi parchalanishni bartaraf etish va yagona strategiyani qabul qilishga chaqirdi.
Avvalroq, Leonardo kompaniyasi Turkiyaning Baykar kompaniyasi bilan uchuvchisiz uchar apparatlar ishlab chiqara boshlashi xabar qilingandi.





