
Yevrokomissiya Rossiya neftdan voz kechishi uchun Vengriya va Slovakiyaga boj joriy qiladi
25.09.2025 | 08:2047083
Yevrokomissiya Rossiya neft importini cheklash uchun Vengriya va Slovakiyaga boj joriy etish niyatida. Bu orqali davlatlar Moskvaga boylik olib kirishni to‘xtatishi kutilmoqda.

Yevropa komissiyasi Rossiya neft importiga nisbatan yangi choralar ko‘rishga qaror qildi. Ursula fon der Lyayenning ma’lumot berishicha, Vengriya va Slovakiyaga import qilinadigan Moskva neft mahsulotlari uchun maxsus boj stavkalari joriy etiladi. Bu orqali ularni Rossiyadan tashqari manbalardan energiya izlashga majbur etish ko‘zda tutilmoqda.
Polshaning Rzeczpospolita nashrining yozishicha, Yevropa Ittifoqi yil yakuniga qadar ushbu bojlarni joriy qiladi. Fon der Lyayenning ta’kidlashicha, aynan Vengriya va Slovakiya Yevroittifoqning hozircha Rossiya neft importini to‘xtatmagan yagona davlatlari bo‘lib qolgan va shu yo‘l bilan hali ham Moskva byudjetiga mablag‘ kiritmoqda.
Yevropa Ittifoqi rejasiga ko‘ra, Rossiya neft importi uchun bojlar «Do‘stlik» neft quvuridan tashiladigan mahsulotlarga tatbiq etiladi. Bunday chora sanksiyadan farq qiladi. Sanksiya choralarida Yevroittifoqqa a’zo barcha davlatlarining yakdil roziligi talab qilinsa, savdo choralarini ko‘pchilik davlatlar qo‘llab-quvvatlashi o‘zi yetarli bo‘ladi.
O‘tgan hafta AQSH prezidenti Donald Tramp Yevropadagi ittifoqdoshlarini Rossiya neft xaridlarini to‘xtatishga chaqirgan edi. Uning ta’kidlashicha, Moskva Ukrainadagi mojaroda olayotgan daromadlarini aynan neft orqali ta’minlamoqda.
Bojlarning joriy etilishi bilan Vengriya va Slovakiya nafaqat qo‘shimcha xarajatlarga duch keladi, balki energiya ta’minotidagi yangi manbalarni izlashga ham majbur bo‘ladi. Bu esa Yevropa Ittifoqining umumiy energetik xavfsizlik strategiyasi doirasidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.





