
Yevropa davlatlarining Eron bilan muzokaralari natijasiz yakunlandi
21.06.2025 | 08:2041574
Jenevada o‘tkazilgan Eron va Yevropaning yetakchi davlatlari o‘rtasidagi muzokaralar hech qanday kelishuvga olib kelmadi. Har ikki tomon tinch yo‘l bilan yechim izlashga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, aniq natija qayd etilmadi.

Reuters agentligining xabar berishicha, Jenevada Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy hamda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va YeI tashqi siyosat rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar kutilgan natijani bermadi. Uchinchi tomonlar, jumladan, Fransiya vaziri Jan-Noel Barro, Eronning muzokaralarga qiziqish bildirganini qayd etdi. U AQSHni ham jarayonga jalb etish tarafdori ekanini aytdi.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi esa Eron Vashington bilan muloqotni qayta tiklashi lozimligini ta’kidladi. Yevropa tomoni Eron yadroviy qurolga ega bo‘lishi mumkin emasligini Tehronga ochiq bildirgan.
Aroqchiy muzokaralarni shu formatda davom ettirishga tayyorligini aytdi. AFP ma’lumotiga ko‘ra, u Tehron faqat tajovuz to‘xtatilganidan so‘ng diplomatik jarayonga qayta kirishini bildirgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp muzokaralarga munosabat bildirib, AQSH Tehron bilan o‘z kanali orqali aloqada ekanini aytdi. Unga ko‘ra, Eron Yevropa bilan hamkorlik qilishni xohlamaydi. «Yevropa bu masalada yordam bera olmaydi», — degan Tramp.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron muzokaralar oldidan Eronga uranni boyitishdan voz kechish, raketa dasturini cheklash va terrorchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni taklif qilgani ma’lum qilingan edi.
Ayni paytda Isroil 13 iyundan buyon Eronning yadroviy infratuzilmasiga qarshi yirik harbiy operatsiya olib bormoqda. Har ikki tomon o‘rtasida yuzlab raketa va dronlar ishtirokida keskin to‘qnashuvlar davom etmoqda.
Bloomberg xabariga ko‘ra, AQSH Eronga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berish imkoniyatini muhokama qilmoqda. The Wall Street Journal esa Tramp harbiy operatsiya rejasini ma’qullaganini, ammo uni amalga oshirishni kechiktirayotganini yozmoqda. The Guardian esa AQSH prezidenti hali qaror qabul qilmaganini, chunki GBU-57 bombasi Fo‘rdudagi mustahkam yadroviy inshootni yo‘q qilishga qodir emasligidan shubhalanishini ma’lum qilgan.
Oq uy rasmiy bayonotida aytilganidek, AQSHning ehtimoliy harbiy aralashuvga oid yakuniy qarori «ikki hafta ichida» qabul qilinadi.





