
Yevropa Grenlandiya bo‘yicha og‘ir tanlov qarshisida qoldi — «Bloomberg»
Yevropalik ko‘plab rahbarlar ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan xalqaro tartib amalda tugagan, deb hisoblay boshlagan.

Jahon iqtisodiy forumi doirasida Davosda to‘plangan yevropalik siyosatchilar va amaldorlar AQSHning tobora tajovuzkor tus olayotgan siyosati va prezident Donald Trampning doimiy o‘zgarib turadigan talablaridan jiddiy xavotir bildirmoqda. «Bloomberg» manbalariga ko‘ra, ayrim yevropaliklar hatto Vashingtonni yumshatish umidida Grenlandiya masalasida AQSHga yon berish ehtimolini ham istisno qilmayapti.
Manbalarning ta’kidlashicha, bunday ssenariy Yevropa uchun og‘ir va ramziy ahamiyatga ega qaror bo‘lishi mumkin, ammo AQSH bilan munosabatlar keskinlashuvi uni muhokama qilishga majbur qilayotgan.
Ittifoq inqirozi hissi
«Bloomberg» suhbatlashgan yuqori lavozimli yevropalik amaldorning fikricha, ko‘plab rahbarlar ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan xalqaro tartib amalda tugagan, deb hisoblay boshlagan. Uning aytishicha, Trampning Grenlandiyaga nisbatan da’volari jahon siyosatini o‘zgartirib yubormoqda.
Agentlikning qayd etishicha, hafta boshida bo‘lib o‘tgan Yevropa moliya vazirlari uchrashuvida ishtirokchilar AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlash va do‘stona munosabatlar yo‘qolganidan «larzaga kelgan». Ayrim vazirlar tahdidlar va mantiqsiz talablar oqimiga qanday javob berishni bilmasliklarini tan olgan.
Shantaj haqida ochiq gap
Yevropadagi norozilik ochiq bayonotlarda ham aks etmoqda. Shvetsiya moliya vaziri Elizabet Svantesson Brusseldagi chiqishida vaziyatni qattiq tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH prezidentining barchani shantaj qilishi «qayg‘uli va mutlaqo absurd» holatdir.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Grenlandiya atrofidagi bahs Yevropa va AQSH munosabatlaridagi chuqur ishonch inqirozini ochib berdi. Agar bosim davom etsa, Yevropa Ittifoqi geosiyosiy barqarorlikni saqlash uchun prinsiplar va pragmatik yondashuv o‘rtasida yanada og‘ir qarorlar qabul qilishga majbur bo‘lishi mumkin.





