
Yevropa Ittifoqi 15 davlatga mudofaa xarajatini oshirishga imtiyoz berdi
09.07.2025 | 14:2030582
Yevropa Ittifoqi moliya vazirlari 15 a’zo davlatga mudofaa xarajatlarini oshirish maqsadida byudjet intizomi qoidalaridan vaqtincha chetga chiqishga ruxsat berdi. Bu haqda Latviyaning «LETA» agentligi xabar tarqatdi.
Qaror Belgiya, Bolgariya, Chexiya, Daniya, Gretsiya, Xorvatiya, Estoniya, Latviya, Litva, Polsha, Portugaliya, Slovakiya, Sloveniya, Finlyandiya va Vengriyani qamrab oldi. Ular mudofaa sarfini mahalliy yalpi ichki mahsulotning 3–4,5 foizigacha oshirish imkoniga ega bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniya ham shunday ruxsat so‘ragan, biroq Yevropaning ijroiya organi – Yevropa komissiyasi hali uni ma’qullamagan. Germaniya faqat uzoq muddatli byudjet rejasini taqdim etganidan so‘ng bu ariza ko‘rib chiqiladi.
Ushbu qaror NATOning 24–25 iyun kunlari Gaagada o‘tgan sammitidan so‘ng qabul qilindi. Unda a’zo mamlakatlar 2035 yilgacha mudofaa xarajatlarini YAIMning 2 foizidan 5 foizgacha oshirish bo‘yicha shartli majburiyat olgan edi.
Yevropada xavfsizlik muammolari ortib borayotgan bir paytda ushbu imtiyoz mamlakatlarga o‘z harbiy salohiyatini kuchaytirish imkonini beradi. Biroq bu moliyaviy tartibni saqlash bo‘yicha o‘rnatilgan mezonlar bilan muvozanatda yuritilishi lozim.





