
Yevropa Ittifoqi COVID-19 jamg‘armasidan mudofaa uchun 335 mlrd yevro ajratadi
05.06.2025 | 10:3039833
Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlarga mudofaa sohasini rivojlantirish uchun COVID-19 oqibatlarini bartaraf etishga mo‘ljallangan fond mablag‘laridan foydalanishga ruxsat berdi. Bu qaror ittifoq siyosatlaridagi ustuvorliklar o‘zgarganini ko‘rsatmoqda.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari endi Tiklanish va chidamlilik jamg‘armasi mablag‘laridan mudofaa loyihalarini moliyalashtirish uchun foydalanish imkoniyatiga ega. Politico nashri yozishicha, Yevrokomissiya ushbu mablag‘larni taqsimlash jarayonini 2026 yil avgustigacha yakuniga yetkazishni rejalashtirgan.
Mazkur jamg‘arma pandemiya oqibatlarini yumshatish uchun 2021 yilda yaratilgan va avvalroq undan faqat iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish loyihalariga sarflash ko‘zda tutilgan edi. Endi esa 335 milliard yevrogacha bo‘lgan mablag‘lar mudofaa sohasiga yo‘naltirilishi mumkin.
Fonddan foydalanish uchun davlatlar belgilangan talab va maqsadlarga mos ravishda ariza topshirishi lozim. Bu talablar Yevrokomissiya tomonidan aniqlashtiriladi va mablag‘lar aynan ularga muvofiq taqsimlanadi.
Nashr ta’kidlashicha, bu o‘zgarish Yevropa Ittifoqining ustuvor siyosiy yo‘nalishlaridagi jiddiy burilishni aks ettiradi. Ya’ni, YeI endi ichki iqtisodiy tiklanish bilan birga, tashqi xavfsizlik va mudofaa masalalariga ham alohida e’tibor qaratmoqda.
Ayni paytda, ushbu qaror Yevropa Ittifoqi byudjeti va a’zo davlatlar o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarda yangi bosqichni boshlashi mumkin.





