
Yevropa Ittifoqi Rossiya banklariga qarshi sanksiyalarni e’lon qildi
19.07.2025 | 17:0046354
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi, 18-paket sanksiyalarini joriy etdi. Bu safar 22 ta bank, 105 ta tanker va suveren investitsiya jamg‘armasi qamrab olindi. Bundan tashqari, kino rejissyor Karen Shaxnazarov ham shaxsan sanksiyalarga duchor etildi.
2025 yil 18 iyul kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi navbatdagi 18-sanksiyalar paketini rasman qabul qildi. Ushbu cheklovlar Ukrainadagi urush davomida Rossiyaning energetika, bank va harbiy salohiyatini zaiflashtirishga qaratilgan.
Yangi sanksiyalar doirasida Rossiyaning yana 22 ta bankiga, jumladan, «Yandeks-bank», T-bank, «Sankt-Peterburg» banki, Ozon bank va «Surgutneftegazbank»ka tranzaksiyalar o‘tkazish taqiqlanadi. Shuningdek, Rossiyaning suveren investitsiya fondi — RFPI bilan har qanday operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlandi.
Yevropa Ittifoqi Rossiya neftiga qo‘yilgan narx chegarasini 60 dollardan 47,6 dollarga tushirdi hamda «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» quvurlari bilan bog‘liq har qanday tranzaksiyalarni taqiqladi. Shuningdek, 105 ta Rossiya tankerlariga Yevropa portlariga kirish va xizmat ko‘rsatish man etildi.
Shaxsiy sanksiyalar ro‘yxatiga taniqli rus rejissyori va «Mosfilm» rahbari Karen Shaxnazarov, Qrim federal universiteti rektori Vladimir Kuryanov va boshqa 14 nafar fuqaro kiritildi. Ularning orasida Xitoy, Hindiston va Eron fuqarolari ham bor.
Sanksiyalar ro‘yxatida shuningdek Rossiyaning 23 ta kompaniyasi, shu jumladan, Komintern nomidagi zavod, Smolenskdagi telekomunikatsiya NII va Podmoskovedagi maxsus jihozlar zavodi ham bor. Xitoy, Hindiston, Singapur, Ozarboyjon va BAAdan bir necha xorijiy kompaniyalar ham cheklovlarga uchradi.
Sanksiyalar qabul qilinishi so‘nggi oylarda Slovakiyaning energiya ta’minoti bo‘yicha kafolatlarga oid qarshiligi tufayli kechiktirilgan edi. Ammo Yevropa Ittifoqi ichki kelishuvga erishdi va cheklovlar kuchga kirdi. Ittifoq tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha vakili Kaya Kallasga ko‘ra, ushbu cheklovlar Rossiyaning muhim iqtisodiy tarmoqlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.





