
Yevropa Ittifoqi Rossiya neftiga qo‘yilgan narx chegarasini pasaytirishni taklif qilmoqda
20.05.2025 | 11:089742
Yevropa Ittifoqi Rossiyadan xarid qilinadigan neft narxining yuqori chegarasini 60 dollardan 50 dollarga tushirishni taklif etmoqda. «Reuters» agentligining xabar berishicha, bu masala 20–22 may kunlari Kanadada bo‘lib o‘tadigan G7 moliya vazirlari uchrashuvida muhokama qilinadi.

Taklif Ukrainada davom etayotgan urush munosabati bilan Rossiyaga qarshi yangi iqtisodiy bosim choralari doirasida ilgari surilmoqda. Yevrokomissiya vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis ham ushbu tashabbusni tasdiqlab, chegarani pasaytirish yangi sanksiyalar paketining bir qismi ekanini ma’lum qilgan.
Garchi Dombrovskis aniq narxni tilga olmagan bo‘lsa-da, «Reuters» manbalariga ko‘ra, 50 dollarlik chegara asosiy muhokama mavzusi sifatida ko‘rilmoqda. G‘arb mamlakatlari avvalroq, 2022 yilda Rossiya nefti uchun 60 dollarlik chegara joriy qilgan edi.
Mazkur cheklovlar Rossiyaning neft eksportidan oladigan daromadini qisqartirish hamda uning harbiy xarajatlarini cheklash maqsadini ko‘zlaydi. Agar taklif qabul qilinsa, Yevropa Ittifoqi Moskvaga nisbatan iqtisodiy bosimni yanada kuchaytiradi.





