
Yevropa rahbarlari Rossiyaga qarshi urushga tayyorlanmoqda — Lavrov
11.07.2025 | 21:2524823
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yevropa rahbarlarini tarix saboqlarini unutganlikda ayblab, ularni Rossiyaga qarshi yangi urushga tayyorgarlik ko‘rayotganlikda gumon qildi. U bu fikrlarni Kuala-Lumpurda ASEAN tadbirlaridan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytdi.

Lavrovning bayonoti Germaniya kansleri Fridrix Mersning diplomatik yechimlar tugagani haqidagi so‘zlariga javob sifatida yangradi. Uning ta’kidlashicha, G‘arb siyosatchilari, jumladan Berlin, Parij va London rahbarlari Yevropa xalqlarini Rossiyaga qarshi yangi urushga chorlamoqda.
Ministrning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyada militarizatsiyani kuchaytirish va Rossiyadan kelayotgan tahdidlarga qarshi kurashish nomiga fashistik shiorlar ostida siyosiy yo‘l tutilayotgani jiddiy xavotir uyg‘otadi. U bunday yo‘lni «besamar va fojeaviy» deb atadi hamda bu siyosat Yevropada ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yanada yomonlashtirishini aytdi.
Shu bilan birga, Lavrov AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuvda DSNV (Strategik hujum qurollarini qisqartirish to‘g‘risidagi shartnoma) muhokama qilinmaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu uchrashuvda Ukrainadagi vaziyat va Rossiyaning doimiy pozitsiyasi muhokama qilingan.
Shuningdek, Lavrov G‘azo va G‘arbiy sohildagi gumanitar vaziyat bo‘yicha fikr bildirib, Isroilning faoliyati oqibatida Falastin davlatiga oid BMT qarorlarining amalga oshishi tahdid ostida ekanini ta’kidladi.





