
Yevropa Rossiya gaziga embargoni bir yil avval joriy etishni taklif qilmoqda
26.07.2025 | 11:3026363
Yevroparlamentdagi yetakchi fraksiyalar Rossiya gaziga to‘liq embargoni joriy etish muddatini bir yilga oldinga surish tashabbusi bilan chiqishdi. Ular joriy 2028 yil o‘rniga 2027 yil boshidanoq gaz importini to‘xtatishni taklif qilmoqda.

Reuters agentligining xabar berishicha, bu tashabbus Yevropaning yirik siyosiy kuchlaridan — «Yevropa xalq partiyasi» va «Yashillar partiyasi» deputatlari tomonidan ilgari surilmoqda. Ular Yevrokomissiyaning iyunda taklif etgan nisbatan yumshoq pozitsiyasidan ko‘ra keskinroq choralar ko‘rish tarafdori.
Tashabbus mualliflari Rossiya gazini sotib olishni 2027 yilning yanvarida to‘xtatish bilan birga, embargoni buzgan kompaniyalarga nisbatan jazo choralarini joriy etishni ham taklif qilmoqda. Masalan, ulardan energetika savdosi litsenziyasini olib qo‘yish mumkinligi aytilmoqda.
Shu bilan birga, agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ayrim Yevropa davlatlari hukumatlari bunday shoshilinch qarorga hali tayyor emas. Ammo deputatlar ushbu tashabbus orqali muzokaralar jarayonida bosim vositasi sifatida foydalanishlari mumkin.
Yevroparlament bu masala bo‘yicha o‘z rasmiy pozitsiyasini kuzda ovozga qo‘yadi. Undan so‘ng qaror Yevropa Kengashi bilan kelishilishi lozim. Bu jarayonda qaror alohida mamlakatlar, jumladan, Rossiya gazidan foydalanishni davom ettirayotgan Vengriya yoki Slovakiya tomonidan to‘silishi mumkin emas.
Yevroittifoq Rossiyaning 2022 yildagi Ukrainaga bosqinidan so‘ng Rossiya gaziga bog‘liqlikdan qutilish niyatini bildirgan edi. O‘sha paytda Rossiya Yevropa gaz importining 45 foizini ta’minlar edi. Reutersʼga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024 yilga kelib 19 foizga tushdi. 2025 yil oxirigacha esa 13 foizga tushirish rejalashtirilmoqda.





