
Yevropa Rossiyani Qora dengizdan siqib chiqarmoqchi
28.05.2025 | 20:4546222
Yevropa Ittifoqi Qora dengizda dengiz xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi strategiyasini ishlab chiqdi. Bunga ko‘ra, mintaqada Rossiya ishtirokisiz maxsus xavfsizlik habi tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar xizmati rahbari Kaya Kallasga ko‘ra, yangi strategiya dengiz yo‘llari xavfsizligini ta’minlash, muhim infratuzilmalarni himoya qilish va dengiz ekologiyasini saqlashni ko‘zda tutadi. Ushbu tashabbusga Bolgariya, Ruminiya, Turkiya, Ukraina, Moldova, Gurjiston, Armaniston va Ozarboyjon jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, tashkil etiladigan hab doirasida portlardagi faoliyat va dengiz transporti ustidan monitoring, shuningdek, muhim infratuzilmalarni patrullash ishlari amalga oshiriladi. Kallas bu tashabbus Rossiya nefti va neft mahsulotlarini olib o‘tayotgan tankerlarni kuzatishni ham o‘z ichiga olishini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqiga ko‘ra, Qora dengizdagi faoliyatni aniq va ochiq-oshkora tashkil etish, Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni chetlab o‘tish holatlariga qarshi samarali kurashish imkonini beradi. Yangi strategiyani amalga oshirish Yevrokomissiyaning Qora dengizdagi mintaqaviy nufuzini oshirishga qaratilgan qadami sifatida baholanmoqda.





