
Yevropa Ukrainaga yordamni qisqartiradi
25.07.2025 | 18:4036503
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 2025 yilda ajratilishi kerak bo‘lgan 4,5 milliard yevro miqdoridagi yordamning hammasini bermaydi.

Ukraina hukumati iyun oyida so‘ragan «Ukraine Facility» mexanizmi doirasida 2025 yilda Ukrainaga moliyaviy yordamning to‘rtinchi transhi rejalashtirilganidan kamroq miqdorda taqdim etiladi, chunki Ukraina Yevropa Ittifoqiga va’da qilingan 16 ta islohotdan 3 tasini amalga oshirmadi. Bu haqda Yevropa komissiyasi vakili Giyom Merse o‘z sharhida ma’lum qildi, deb yozadi Ukraina OAV.
«To‘rtinchi transh mablag‘lar hajmi bo‘yicha ham, zarur islohotlar soni bo‘yicha ham eng yirigi hisoblanadi. Agar barcha ko‘rsatkichlar bajarilsa va 16 ta islohot amalga oshirilsa, Ukraina 4,5 milliard yevro oladi», - dedi Merse.
U qo‘shimcha qilishicha, Kiyev ushbu transhning bir qismini to‘lash uchun 2025 yil 6 iyunda so‘rov yuborgan. O‘z so‘rovida Ukraina 16 ta zarur islohotdan 13 tasini bajarganini ma’lum qildi, qolgan uchtasini amalga oshirish esa hozircha davom etmoqda.
Komissiya 13 ta islohotni bajarilgan deb baholagan va Yevropa Ittifoqi Kengashiga Ukrainaga «Ukraine Facility’» doirasida to‘rtinchi transh sifatida 3,05 milliard yevro miqdorida to‘lovni amalga oshirishni taklif etmoqda. Yevrokomissiya vakilining ma’lumotiga ko‘ra, bajarilmagan uchta islohotdan biri markazlashtirishni bekor qilish, ikkinchisi ARMA islohoti to‘g‘risidagi qonun, uchinchisi esa Oliy korrupsiyaga qarshi sud sudyalarini tanlash bilan bog‘liq.
Xabar qilinishicha, Ukraina 2027 yilgacha 50 milliard yevrolik yordamni ko‘zda tutuvchi «Ukraine Facility» dasturi bo‘yicha to‘liq moliyalashtirishni olish uchun barcha zarur qonunlarni qabul qilishga 12 oygacha muhlat berilgan.





