
Yevropa yetakchilar Tramp–Putin uchrashuvidan keyin Ukrainaga qo‘llab-quvvatlash bildirdi
16.08.2025 | 19:0021184
Yevropa rahbarlari Ukraina suverenitetiga kafolat berish, Rossiyaga bosimni kuchaytirish va Kiyevning YeI hamda NATOga yo‘lini ochiq qoldirishini ta’kidlashdi.

Yevropa Ittifoqi yetakchilari AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin uchrashuvidan so‘ng qo‘shma bayonot e’lon qildi. Hujjat YeI Komissiyasi saytida 16 avgust kuni joylandi.
Bayonot Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Britaniya bosh vaziri Kiyr Starmer, Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb, Polsha bosh vaziri Donald Tusk, Yevrokengash prezidenti Antoniu Koshta va Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen imzosi bilan chiqarilgan.
Yevropa liderlari Trampning Ukrainadagi qurbonliklarni to‘xtatish va Rossiyaning tajovuzkor urushini bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlarini olqishladi. Ularga ko‘ra, keyingi qadam Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirokida kengaytirilgan muzokaralar bo‘lishi lozim. Avvalroq Tramp Zelenskiy bilan 18 avgust kuni Vashingtonda uchrashishi kutilayotgani ma’lum qilingan edi.
Yevropa Ittifoqi yetakchilari AQSH va Ukraina rahbarlari bilan birgalikda Yevropaning qo‘llab-quvvatlovi ostida uch tomonlama sammit o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi. Shu bilan birga, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun aniq xavfsizlik kafolatlari zarurligi ta’kidlandi.
Bayonotda qayd etilishicha, Ukraina qurolli kuchlari va uning uchinchi davlatlar bilan hamkorligi cheklanmasligi shart. Shuningdek, Rossiya Kiyevning Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilish yo‘lida hech qanday veto huquqiga ega emas.
Yevropa yetakchilari o‘z pozitsiyasini yana bir bor mustahkamlab, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini va Rossiya iqtisodiyotiga nisbatan sanksiyalar kuchaytirilishini bildirishgan. Ularning ta’kidlashicha, maqsad — adolatli va barqaror tinchlikka erishish.





