
Yevropada gaz narxi pasaymoqda
07.05.2025 | 16:4715373
Niderlandiyadagi TTF habida gaz narxi bir haftalik maksimumdan so‘ng tushmoqda. Bu uy isitish uchun aholi talabining kamayishi va ob-havo omillari bilan bog‘lanmoqda.

7 may kuni Yevropa gaz bozorida narxlar pasayishni boshladi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Niderlandiyadagi TTF habida «front-fyuchers» narxi 0,66 foizga arzonlashib, 1 MWh uchun 34,67 yevroni tashkil etdi. «Ertagayoq yetkazib berish» shartnomalari bo‘yicha esa narx 1,23 foizga tushib, 34,4 yevro atrofida qayd etildi.
Narxlarning bu tarzda pasayishga bir necha omillar sabab bo‘ldi. Xususan, Yevropaning shimolidagi havo harorati haftaning oxirigacha oshishi kutilmoqda. Bu esa isitishga bo‘lgan ehtiyojni va gaz iste’molini 10 foizga kamaytirishi mumkin.
Londonda joylashgan LSEG tahlilchisi Dmitriy Dauxalevichga ko‘ra, texnik ko‘rsatkichlar hali ham o‘sish ehtimolini saqlamoqda, biroq bozordagi asosiy vaziyat «ayiqchasiga» bo‘lib qolmoqda. Shu bois, TTF habidagi narxlar ayni paytda bir maromda yoki uncha kuchli bo‘lmagan o‘sish tendensiyasida saqlanishi mumkin.
Bir kun oldin Yevropada gaz narxlari bir haftaning eng yuqori darajasiga chiqdi. Sababi — Norvegiyadagi rejadan tashqari ta’minot uzilishi va Yevropa Komissiyasining Rossiyadan gaz importini 2027 yilgacha to‘liq to‘xtatish rejasini e’lon qilishi bo‘lgan.
Shuningdek, AQSHning Friport shahridagi SPG zavodida 2,1 mlrd kub fut quvvatga ega inshootda texnik nosozlik kuzatilgani haqida xabar berildi. Freeport LNG bu haqda izoh berishdan bosh tortdi.
ING tahlilchilariga ko‘ra, Friportdagi to‘xtalish Yevropada gaz narxlariga qisqa muddatli qo‘shimcha bosimni oshirishi mumkin.





