add

Yevropada rekord darajadagi jazirama yong‘inlar va qurg‘oqchilik xavfini oshirmoqda

30.06.2025 | 16:0030154

G‘arbiy Yevropada rekord darajadagi issiqlik qayd etildi. Ispaniya, Fransiya va Germaniyada jazirama yangi xavflarni keltirib chiqarmoqda. Fransiyada yong‘inlar, Germaniyada esa qurg‘oqchilik yanada kuchayishi mumkin.

Yevropada rekord darajadagi jazirama yong‘inlar va qurg‘oqchilik xavfini oshirmoqda
28-29 iyun dam olish kunlari G‘arbiy Yevropada kuchli issiqlik to‘lqini kuzatildi. Kunduzi havo harorati ko‘plab shaharlarda +35 darajadan oshdi. Ispaniyaning Portugaliya bilan chegaradosh El Granado shahrida +46 daraja harorat qayd etildi. Bu Ispaniya tarixida iyun oyida kuzatilgan eng yuqori harorat sifatida qayd etildi. Bu haqda «Deutsche Welle» xabar berdi. Londonda 30 iyun kuni +35 daraja harorat kutilmoqda. Bu yilning eng yuqori ko‘rsatkichi bo‘ladi. Ushbu kuni Uimbldon tennis turniri boshlanishi rejalashtirilgan va birinchi kun tarixdagi eng issiq Uimbldon sifatida qayd etilishi mumkin. Germaniyada ham +30 daraja va undan yuqori harorat qayd etildi. Mamlakat meteorologiya xizmati 2025 yilning fevral-may oylari orasida Germaniya 1881 yildan buyon kuzatilgan eng katta qurg‘oqchilikni boshidan o‘tkazganini ma’lum qildi. Reyn daryosi sathi so‘nggi 100 yildagi eng past ko‘rsatkichga tushgan. Iyun oyining boshida yomg‘ir yog‘gan bo‘lsa-da, keyingi kunlarda deyarli yomg‘ir kuzatilmadi. Meteorolog Dominik Yungning ta’kidlashicha, bu yoz juda issiq va quruq bo‘lishi mumkin. Germaniyaning ayrim hududlarida kunduzi sug‘orish taqiqlangan. Fransiyada 29 iyun kuni janubiy Langedok hududida o‘rmon yong‘inlari boshlandi. Yong‘in tufayli Fonfruad abbatligi evakuatsiya qilindi. Tuluza va Narbonna shaharlari o‘rtasidagi avtomagistral har ikki yo‘nalishda yopildi. Fransiya hukumati ushbu holat sabab favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi va ba’zi hududlarda maktablar vaqtincha yopildi. Parijda yaqin kunlarda +35 darajadan yuqori harorat kutilmoqda. Meteorologlar jazirama G‘arbiy Yevropada 2 iyulgacha davom etib, shundan so‘ng sharqqa ko‘chishi, 3 iyuldan esa Germaniyada yomg‘ir yog‘ishi mumkinligini bashorat qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid