add

Yevropani zaiflikda ayblagan Zelenskiyga Davosda tik turib qarsak chalishdi

23.01.2026 | 08:002 daqiqa

Davosdagi chiqishida Volodimir Zelenskiy Yevropani siyosiy irodasizlikda ayblab, AQSHga qaramlik va Rossiyaga qarshi qat’iy qadamlar yo‘qligini tanqid qildi.

Yevropani zaiflikda ayblagan Zelenskiyga Davosda tik turib qarsak chalishdi

Jahon iqtisodiy forumida so‘zlagan Volodimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqini mustaqil qaror qabul qilishga qodir emaslikda ochiq tanqid qildi.

Uning aytishicha, Yevropa bir yil oldin ham o‘zini himoya qilishga qodir bo‘lishi kerak edi, ammo shu vaqt ichida amalda hech narsa o‘zgarmadi.

Zelenskiy Yevropa yetakchilari hanuzgacha AQSHdan signal kutayotganini, strategik tashabbus ko‘rsatishdan qochayotganini ta’kidladi.

«Rossiyaning musodara qilingan aktivlarini Ukrainaga yordam sifatida ishlatishdan bosh tortilayotgani siyosiy irodaning yo‘qligini ko‘rsatadi», — dedi u.

Ukraina prezidentiga ko‘ra, AQSH qo‘llab-quvvatlamasdan tinchlikka erishish mushkul, ammo Yevropa xavfsizligini to‘liq Vashingtonga yuklash ham xatarli yo‘l hisoblanadi.

Rossiya, neft va javobgarlik masalasi

Zelenskiy Yevropa davlatlarini Rossiyani javobgarlikka tortishda sustkashlik qilayotganlikda ham aybladi.

U xalqaro muhokamalarda Xalqaro jinoyat sudi mavzusidan qochilayotganini, maxsus tribunal yaratish borasida esa hech qanday aniq natija yo‘qligini ta’kidladi. U qiyos sifatida Donald Tramp ma’muriyatining tankerlarni to‘xtatish va neftni musodara qilish amaliyotini keltirdi.

«Modomiki AQSH shunday qila olayotgan ekan, nima uchun Yevropa Rossiya neftini to‘xtata olmaydi?” — deya savol berdi Zelenskiy.

Uning fikricha, Rossiya neftini musodara qilish va uni sotishdan tushgan mablag‘ni Ukraina hamda Yevropa xavfsizligi uchun yo‘naltirish urushni moliyalashtirish manbalarini keskin qisqartiradi.

Grenlandiya va Yevropa mudofaasi

Chiqish davomida Zelenskiy Grenlandiya atrofidagi geosiyosiy bahslarga ham to‘xtalib o‘tdi.

U Rossiya va Xitoy tahdidlari haqida gapirar ekan, Ukraina Qora dengizda qanday qarshi turish mumkinligini amalda ko‘rsatib berganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan u Yevropa Ittifoqini birlashgan qurolli kuchlar tuzish haqida jiddiy o‘ylashga chaqirdi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya Baltika mamlakatlariga hujum qilsa va AQSH aralashmasa, Yevropa Ittifoqi o‘zini qanday himoya qila olishini aniq bilishi kerak. U Yevropani «chiroyli, ammo parchalangan kuchlar mozaykasi» deb atab, bu holat zamonaviy geosiyosiy voqelikda jiddiy xatar tug‘dirishini bildirdi.

Qayd etish joiz, Zelenskiyning chiqishi tik turgan holda qarsaklar bilan kutib olindi.

Teglar

Mavzuga oid