add

Yevropaning 8 davlati Grenlandiya masalasida qo‘shma bayonot berdi

Kecha 22:142 daqiqa

Yevropaning sakkizta davlati Arktika xavfsizligi va Grenlandiya suverenitetini himoya qilishga tayyor ekanini e’lon qildi.

Yevropaning 8 davlati Grenlandiya masalasida qo‘shma bayonot berdi

Daniya, Finlandiya, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Shvetsiya va Buyuk Britaniya Arktikada xavfsizlikni mustahkamlash va Grenlandiya suverenitetini himoya qilish bo‘yicha qo‘shma pozitsiyasini e’lon qildi. Bayonot Shvetsiya hukumati saytida e’lon qilindi va AQSH tomonidan bildirilgan tarif tahdidlari hamda Grenlandiya atrofidagi geosiyosiy keskinlikka javob sifatida baholanmoqda.

Qo‘shma bayonotda mamlakatlar Qirollik Daniya va Grenlandiya xalqi bilan to‘liq hamjihat ekanini bildirib, har qanday muloqot suverenitet va hududiy yaxlitlik prinsiplariga tayanishi shartligini ta’kidladi. Yevropa davlatlari Arktika xavfsizligini umumiy transatlantik manfaat deb hisoblashini va bu mintaqa bo‘yicha muvofiqlashgan yondashuvni saqlab qolish niyatida ekanini qayd etdi.

Bayonotda tarif tahdidlari transatlantik munosabatlarga putur yetkazishi, shuningdek, «xavfli pastga sho‘ng‘uvchi spiral»ni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirildi. Shu sababli, davlatlar suverenitetni himoya qilish va siyosiy bosimga qarshi javob choralarini muvofiqlashtirishga tayyor ekanini bildirdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mazkur vaziyat yuzasidan Yevropa Ittifoqining iqtisodiy majburlashga qarshi instrumentini (ACI) ishga tushirish imkoniyatini muhokama qilishni taklif qildi. Uning fikricha, agar tarif tahdidlari amalga oshsa, Yevropa Ittifoqi yagona va qat’iy javob berishi lozim.

Bunga javoban AQSH prezidenti Donald Tramp Grenlandiya masalasida Daniya va Yevropa davlatlari bilan muzokaralarga tayyor ekanini bildirdi. Biroq shu bilan birga u Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlandiyadan AQSHga eksport qilinadigan barcha tovarlarga 10 foizli boj joriy etilishini e’lon qildi. Ushbu tariflar 1-fevraldan kuchga kiradi.

Yuzaga kelgan vaziyat Arktikaning strategik ahamiyati ortib borayotganini va Yevropa davlatlari AQSH bilan munosabatlarda ham xavfsizlik, ham iqtisodiy manfaatlarini qat’iyroq himoya qilish bosqichiga o‘tayotganini ko‘rsatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid