Logo

YHXB haydovchilarni jarima ballarini o‘chirishni va’da qilayotgan firibgarlardan ogohlantirdi

Bugun 13:352 daqiqa

Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilarga ma’lum to‘lov evaziga jarima ballarini elektron bazadan o‘chirib berishni taklif qilayotgan shaxslar paydo bo‘ldi. YHXB bunday xizmat texnik jihatdan imkonsiz ekanini ta’kidlab, fuqarolarni firibgarlarga ishonmaslikka chaqirdi.

YHXB haydovchilarni jarima ballarini o‘chirishni va’da qilayotgan firibgarlardan ogohlantirdi © Foto: avtoelon.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilarning jarima ballarini ma’lum mablag‘ evaziga elektron tizimdan o‘chirib berishni taklif qilayotgan firibgarlar paydo bo‘ldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXB) axborot xizmati rahbari Zoir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, jarima ballarini elektron bazadan o‘chirishning texnik imkoniyati mavjud emas.

«Bular hammasi firibgarlar. Chunki jarima ballarini o‘chirishning texnik imkoniyatlari mavjud emas. Bu onlayn tartibda hisoblanadigan tizim, to‘liq himoyalangan tizim. Shuning uchun fuqarolarimizda bunaqangi firibgarlarga ishonib qolish holatlari bo‘lmasligi kerak. Mana shunday holatga duch keldimi, zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz», — dedi u intervyuda.

Firibgarlar soxta yozishmalar va videolardan foydalanmoqda

Ma’lum qilinishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlangan Telegram kanallaridan birida xizmatdan avval foydalangan mijozlar borligi haqida tasavvur uyg‘otish uchun soxta yozishmalar joylashtirilgan.

Shuningdek, kanalda e’lon qilingan videolardan birida go‘yoki jarima ballarini o‘chirtirgan haydovchining «minnatdorlik» bildirgan murojaati ham tarqatilgan.

YHXB mazkur videolar va yozishmalar fuqarolarni aldashga qaratilgan firibgarlik sxemasining bir qismi ekanini ta’kidladi.

Haydovchilarga bunday takliflarga ishonmaslik, shaxsiy ma’lumotlari yoki pul mablag‘larini noma’lum shaxslarga bermaslik hamda shunday holatlarga duch kelganda zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilish tavsiya etildi.

YHXB vakili, shuningdek, jarima ballari 12 dan oshgan haydovchilar soni 700 nafardan oshganini ham ma’lum qildi. Ularning barchasini haydovchilik huquqidan mahrum etish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. 11-iyulda jarima ballari 12 dan oshgan haydovchilar soni 671 nafarga yetgandi.

Teglar

Mavzuga oid